Putin Xitoyga tashrifi oldidan bayonot berdi
Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi 19 va 20-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pekinga safari oldidan Xitoy aholisiga videomurojaat yo‘lladi. Videorolik Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Murojaatda Putin Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolarini qutladi va Xitoy Raisi Si Jipinga mamlakatga taklif qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
«Aziz xitoylik do‘stlar, sizni qutlayman. Ko‘p yillik qadrdon do‘stim, XXR Raisi Si Jinpinning taklifiga binoan Pekinga navbatdagi bor tashrif buyurayotganimdan xursandman», — dedi prezident.
Putin ikki mamlakat vakillarining muntazam uchrashuvlari Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, u joriy yilda Rossiya va Xitoy o‘rtasida Yaqin qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 25 yil to‘lishini eslatib o‘tdi.
Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi allaqachon 200 milliard dollardan oshgan. U, shuningdek, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar deyarli to‘liq rubl va yuan valutalarida amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, Putin Rossiya-Xitoy sherikligining jahon maydonidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
«Rossiya va Xitoyning yaqin strategik hamkorligi dunyo maydonida muhim barqarorlashtiruvchi rolni o‘ynaydi. Shu bilan birga, biz kimgadir qarshi do‘stlik qilmayapmiz, balki tinchlik va umumiy farovonlik yo‘lida mehnat qilyapmiz», — dedi prezident.
Tashrif tafsilotlari
Vladimir Putinning Xitoyga tashrifi 19 va 20-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Safar davomida u Si Jinpin bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar sheriklik va strategik hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzolashni maqsad qilgan.
Muzokaralardan so‘ng Rossiya va Xitoy 40 ga yaqin hujjat, jumladan, Putin va SiJinpin shaxsan imzolaydigan 21 ta kelishuvni qabul qilishi kutilmoqda.
Rossiya delegatsiyasi tarkibidan besh nafar vitse-premer, vazirlar, Markaziy bank rahbari Elvira Nabiullina, gubernatorlar, shuningdek, davlat korporatsiyalari, banklar va yirik biznes vakillari joy oladi.





