Qashqadaryoda 1,7 mlrd dollarlik 195 sanoat loyihasi ishga tushiriladi

11.03.2026 | 11:552 daqiqa

Mirziyoyev viloyat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, investitsiya va ish o‘rinlarini oshirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Qashqadaryoda 1,7 mlrd dollarlik 195 sanoat loyihasi ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda amalga oshirilgan islohotlar natijasi va kelgusi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo katta hududi, boy tabiiy resurslari va rivojlangan sanoati bilan mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. O‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,8 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 7,2 foizga, xizmatlar sohasi 13,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,3 foizga o‘sgan.

1

2017–2025 yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,2 barobarga ko‘payib, 26,9 million so‘mga yetdi. Shu davrda ishsizlik darajasi 4,9 foizga, kambag‘allik esa 6,5 foizgacha kamaygan.

Yirik sanoat va investitsiya loyihalari

2026 yilda viloyat iqtisodiyotini yanada kengaytirish maqsadida bir qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xususan, 1,7 milliard dollarlik 195 ta sanoat loyihasini ishga tushirish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yangi korxonalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mato va kiyim-kechak, gigiyenik mahsulotlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, elektr avtomobillari uchun quvvatlash stansiyalari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar barpo etiladi.

2

Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi va Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasini tashkil etish ham rejalashtirilgan. 2026–2027 yillarda ushbu zonalarda 1,1 milliard dollarlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, qariyb 6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Qishloq xo‘jaligi va suv masalasi

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. 2030 yilgacha 200 ming gektar yerni o‘zlashtirish, shu jumladan 2026 yilda 15 ming gektar yerni infratuzilma bilan ta’minlab, ozuqa ekinlari, kartoshka va sabzavot yetishtirish hajmini oshirish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, g‘alla hosildorligini 84,8 sentnerga, paxta hosildorligini 47,5 sentnerga, kartoshkani esa 175 sentnergacha oshirish rejalashtirilgan.

3

Suv ta’minoti viloyat uchun eng dolzarb muammolardan biri ekani qayd etildi. Shu bois 2026 yilda 320 kilometr magistral va 3,3 ming kilometr ichki kanallarni betonlash, 16 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 800 million kub metrgacha suv tejalishi kutilmoqda.

Turizm va infratuzilma rivoji

Viloyat turizm salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha ham qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, Qamashi tumanida “Maydanak” tog‘ turizm markazi, Shahrisabz tumanida “G‘elon” xalqaro umummavsumiy kurorti tashkil etish rejalashtirilgan.

Yakkabog‘ tumanidagi Tatar qishlog‘ida turizmni rivojlantirish, Hazrati Sulton cho‘qqisi hududida treking yo‘nalishlari va dam olish maskanlari barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda 45 ta mehmonxona va mehmon uyi tashkil etilib, qo‘shimcha 1130 ta joy yaratiladi.

Yig‘ilish yakunida prezident investitsiyalarni jalb qilish, eksportni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid