
Qog‘ozdagi yozma retseptlarga martgacha ruxsat berilmoqda
Avvalroq O‘zbekistonda elektron retsept tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

O‘zbekistonda dori vositalarining qog‘oz shakldagi retseptini rasmiylashtirishga 2026 yil 1-martgacha ruxsat beriladi. Bu Sog‘liqni saqlash vazirining 16-dekabrdan kuchga kirgan «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘ida nazarda tutilgan. Qaror aholi va tibbiyot muassasalarini elektron tizimga moslashtirishni maqsad qilgan.
Hujjatga muvofiq, Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman va shaharlarda barcha tibbiyot tashkilotlarida elektron retsept tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu jarayonda qog‘oz retseptlar vaqtincha saqlab qolinadi.
Buyruqda retsept tushunchasiga ham aniq ta’rif berilgan. Retsept — shifokorning farmatsevtik ma’lumotga ega mutaxassisga dori tayyorlash yoki berish va uni qo‘llash usuli bo‘yicha yozma ko‘rsatmasi hisoblanadi. Elektron retsept esa dori vositasi haqidagi barcha ma’lumotlar elektron shaklda rasmiylashtirilgan va tasdiqlangan ko‘rsatmadir.
Elektron retsept tizimi joriy etilishining birinchi bosqichida antibiotiklar hamda tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalari faqat elektron retsept asosida tayinlanadi. Agar bemorga elektron va qog‘oz retsept orqali beriladigan dorilar bir vaqtda buyurilsa, barchasi elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
Keyingi bosqichlarda elektron retseptga o‘tkaziladigan dori guruhlari Ekspertlar kengashi tomonidan belgilab boriladi. Bu ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Mazkur islohotlar dori bozorida shaffoflikni oshirishga qaratilgan. Avvalroq retseptsiz dori sotganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish takliflari ham bildirilgan. Shuningdek, import dori vositalarining qimmatlashuvi va turli nomlar bilan kiritilishi sohadagi tizimli muammolardan biri sifatida qayd etilmoqda.





