Qoraqalpog‘istonda suv ta’minotiga 2,2 trln so‘m ajratiladi

02.03.2026 | 18:452 daqiqa

2026–2030 yillarda hududda 1 719 km tarmoq tortilib, 83,5 foiz qamrovga erishish rejalashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda suv ta’minotiga 2,2 trln so‘m ajratiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun 2026–2030 yillarda jami 2,2 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda prezidentning 21-fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun mo‘ljallangan dasturlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.

Mablag‘lar qaysi tashkilotlar tomonidan ajratiladi

Mablag‘lar xalqaro moliya institutlari, davlat budjeti, mahalliy budjetlar hamda xomiylik mablag‘lari hisobidan jalb etiladi.

Shundan:

1,8 trln so‘m — xalqaro moliya institutlari;

299,1 mlrd so‘m — respublika budjeti;

21,4 mlrd so‘m — mahalliy budjet va uning qo‘shimcha manbalari;

22,9 mlrd so‘m — suv ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari va homiylik xayriyalari bo‘lib, mablag‘lar 2026—2030-yillar davomida ajratiladi.

Loyiha doirasida 1 719 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi, 56 ta quduq qaziladi va chuchuklashtiruvchi uskunalar o‘rnatiladi. Shuningdek, 36 ta suv inshootini qurish rejalashtirilgan. Natijada 2030 yilga borib hududda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti qamrovi 83,5 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘shimcha moliyalashtirish

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, 2027 yildan boshlab 200 mln dollar miqdoridagi qo‘shimcha moliyalashtirish asosida qator infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi.

Jumladan, Amudaryo tumanida 6 ta mahallada 107,1 km yangi tarmoq, nasos stansiyasi va suv tozalash inshooti rekonstruksiyasi rejalashtirilgan. Taxiatosh tumanida 89,9 km tarmoq va 3 ta suv taqsimlash inshooti barpo etiladi. Ellikqal’a va Beruniy tumanlarida esa kanalizatsiya tizimlari hamda oqova suv tozalash inshootlari quriladi.

Mazkur tashabbus 20-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilingan va ijrosi uchun mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilgan.

Teglar

Mavzuga oid