Qozog‘iston iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 502 mln dollar miqdorda qarz olmoqchi
Osiyo taraqqiyot banki Qozog‘istonga 15 yil muddatga kredit ajratadi. Mablag‘ mamlakat iqtisodiyotining bir nechta muhim sohalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
© kapital.kzQozog‘iston 2026-yil sentabr oyida 227,4 mlrd tenge, ya’ni 502 mln dollar miqdoridagi qarz olish to‘g‘risida bitim imzoladi.
Ushbu mablag‘lar hukumatning birinchi navbatdagi chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash, transport infratuzilmasi, sanoat, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni moliyalashtirish imkonini beradi. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan Qozog‘istonga taqdim etilayotgan qarz 15 yil muddatga beriladi. Bunda uch yillik imtiyozli davr ham nazarda tutilgan. Foiz stavkasi yiliga 1,69 foizni tashkil etadi.
Moliya vaziri Madi Takiyevning qo‘shimcha qilishicha, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash choralarini moliyalashtirish zarurati tug‘ilganda, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish odatiy amaliyot hisoblanadi.
Shuningdek, u mazkur bitimning ratifikatsiya qilinishi mamlakat uchun salbiy ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning mashinasozlik sanoati import hisobiga qiynalib qolgandi.
Farangiz Bobojonova





