Qozog‘iston nima uchun O‘zbekiston bilan bojxona kelishuviga muhtojligi aytildi
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2026-yil 29 foizga o‘sib, 3,7 milliard dollarga yetdi. Mamlakatlar chegara to‘siqlarini bartaraf etish orqali uni uch baravar oshirmoqchi.
© informburo.kzQozog‘iston O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo hajmini yaqin vaqt ichida 10 milliard dollarga yetkazmoqchi. Buning uchun ikki davlat bojxona xizmatlarining bir-biri hududida vakolatxonalarini ochishga kelishib oldi. Ular tadbirkorlarga yordam beradi va tovarlarni chegaradan olib o‘tishda yuzaga keladigan muammolarni tezkor hal qilishga ko‘maklashadi. Bu haqda Qozog‘iston moliya vaziri Madi Takiyev Qurultoydagi brifingda ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 milliard dollarni tashkil etgan. Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida esa bu ko‘rsatkich 29 foizga o‘sib, 3,7 milliard dollarga yetgan.
«Oldimizdagi vazifa — yaqin vaqt ichida o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish. Buning uchun vakolatxonalar ochish bo‘yicha kelishuv imzoladik. Ular mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga amaliy va nazariy yordam ko‘rsatib, savdo hajmini oshirishga ko‘maklashadi», — dedi Takiyev.
Bojxona vakolatxonalari tovarlarni chegaradan olib o‘tishda yuzaga keladigan muammolarni tezroq hal qilishga yordam beradi. Bu orqali mahsulotlarni chegaradagi o‘tkazish punktlarida uzoq vaqt ushlanib qolishining oldini olish ko‘zda tutilgan. Vakolatxona xodimlari qo‘shni davlatdagi hamkasblari bilan bevosita ish olib borishi mumkin bo‘ladi.
Qozog‘iston Qurultoyi ikki davlat hukumatlari o‘rtasida bojxona xizmatlari vakolatxonalarini ochish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ikki o‘qishda qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2027-yildan O‘zbekistonda bojxona to‘lovlari, imtiyozlar va eksport yig‘imlari bo‘yicha yangi tartiblar joriy etiladi. Yagona bojxona to‘lovi 20 foiz etib belgilanadi, ayrim yig‘imlar kamayadi va rasmiylashtirish jarayonlari soddalashtiriladi.





