Logo

Qozog‘iston olti oyda taxminan 2,2 mlrd dollarlik mashina ishlab chiqardi

Kecha 22:301 daqiqa

Joriy yilning yanvar–iyun oylarida avtomobil sanoati Qozog‘iston mashinasozlik ishlab chiqarishining 41,4 foizini tashkil etdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 40,9 foiz bo‘lgan.

Qozog‘iston olti oyda taxminan 2,2 mlrd dollarlik mashina ishlab chiqardi © kapital.kz

2026-yilning yanvar–iyun oylarida Qozog‘istonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,2 trillion tengeni (taxminan 2,2 milliard dollar) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,7 foizga ko‘p. Bu haqda «Ranking.kz» xabar berdi.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida o‘sish 22,4 foiz bo‘lgan. Uzoq yillik ko‘rsatkichlarga qaraganda, avtomobil sanoati Qozog‘iston sanoatining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2015–2016-yillardagi pasayishdan keyin ishlab chiqarish hajmi har yili oshib bormoqda.

2023-yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1,8 trillion tenge, 2024-yilda 1,9 trillion tenge, 2025-yilda esa 25,6 foizga oshib 2,4 trillion tengega yetdi. Taqqoslash uchun, 2015-yilda bu ko‘rsatkich atigi 80 milliard tenge bo‘lgan.

photo_2026-07-26_21-31-20


Ishlab chiqarish kengaygani sari avtomobil sanoatining mashinasozlikdagi ulushi ham oshdi. 2015-yilda u 13 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilda 33,9 foiz, 2025-yilda esa 41,9 foizga yetgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida avtomobil sanoati Qozog‘iston mashinasozlik ishlab chiqarishining 41,4 foizini tashkil etdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 40,9 foiz bo‘lgan.

Shuningdek, joriy yilning yanvar–iyun oylarida avtomobil, tirkama va yarim tirkamalar ishlab chiqarish mamlakat qayta ishlash sanoati hajmining 7,1 foizini, umumiy sanoat ishlab chiqarishining esa 3,3 foizini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan yil darajasiga deyarli teng bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston yangi aloqa sun’iy yo‘ldoshi uchun 22 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgandi.

Teglar

Mavzuga oid