Qozog‘iston urush sabab kelgan rossiyaliklarni ommaviy deportatsiya qilmoqchi — huquq himoyachilari

10.03.2026 | 22:202 daqiqa

Qozog‘iston Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan keyin rossiyaliklar faol yo‘l olgan mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Qozog‘iston urush sabab kelgan rossiyaliklarni ommaviy deportatsiya qilmoqchi — huquq himoyachilari

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi vaqtinchalik yashash uchun beriladigan ruxsatnomalar (RVP) soxtalashtirilgani bo‘yicha yirik jinoyat ishini tergov qilmoqda. Bu ish urush sabab mamlakatga kelgan ko‘plab rossiyaliklarning deportatsiya qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiyadan ketganlarga yordam berayotgan huquq himoyachilariga tayanib «Slovo zaite» loyihasi xabar berdi.

Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, ish bo‘yicha «chaqiruv yoshidagi o‘nlab rossiyali erkaklar» guvohlik qilmoqda. «Slovo zaite» suhbatdoshlarining aytishicha, tergov 2026-yil fevral oxirida boshlangan, tergovchilar «bir vaqtning o‘zida 3-4 kishini so‘roq qilmoqda».

Qattiqlashgan migratsiya siyosati

Bir yilgacha Qozog‘istonda qolish imkonini beruvchi RVPni rasmiylashtirish uchun rasmiy ish joyi va ro‘yxatdan o‘tish (propiska) talab etiladi. «Slovo zaite»ning yozishicha, Qozog‘iston ma’lum muddat davomida «soxta RVP» bozoriga xotirjam munosabatda bo‘lgan, biroq vaqt o‘tishi bilan migratsiya siyosati qattiqlashgan.

«RVP ishi bilan migratsiya politsiyasi emas, balki Milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshqarmasi shug‘ullanayotganini hisobga olsak, gap Rossiya bilan kelishilgan ro‘yxatlar bo‘yicha ommaviy deportatsiyaga tayyorgarlik haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin», — deb hisoblaydi «Slovo zaite».

Huquq himoyachilari qalbaki RVP bo‘yicha jinoyat ishida tilga olingan barcha shaxslarga hozircha mustaqil ravishda chiqib ketish imkoni bor ekan, shoshilinch tarzda Qozog‘istonni tark etishni tavsiya qilmoqda, aks holda ular Rossiyaga deportatsiya qilinishi mumkin.

Qozog‘iston Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlagani va mobilizatsiya e’lon qilinganidan keyin rossiyaliklar faol yo‘l olgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Hozir Qozog‘istonda urush sabab ketgan o‘nlab ming rossiyaliklar yashamoќda. 2026-yilda huquq himoyachilari Qozog‘istondan rossiyaliklarni deportatsiya qilish holatlari, jumladan, Rossiyada siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilinayotgan yoki dezertirlikda ayblanayotganlarni chiqarib yuborish keskin oshganini qayd etdi.

Teglar

Mavzuga oid