
Qozog‘istonda deputat alkogol savdosini cheklash taklifi bilan chiqdi
Qozog‘istonda deputat mast holda sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘paygani sabab alkogol mahsulotlari savdosini qat’iy cheklashni taklif qildi.

Qozog‘iston parlamentida alkogol mahsulotlari savdosini yanada qat’iy tartibga solish masalasi ko‘tarildi. Magerram Magerramov mamlakat bo‘ylab spirtli ichimliklar aylanmasini cheklashga qaratilgan qator takliflar bilan bosh vazirga deputatlik so‘rovi yo‘lladi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus jamoat xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan holatlar bilan bog‘liq.
Deputat keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi statistikasi mast holda sodir etilayotgan jinoyatlar ulushi hali ham yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Qotillik va bezorilik holatlarining qariyb yarmi, har to‘rtinchi talonchilik hamda yo‘l-transport hodisalari, shuningdek, oilaviy-maishiy huquqbuzarliklarning katta qismi alkogol ta’siri ostida sodir etilmoqda.
Magerramov, ayniqsa, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi mast holda jamoat tartibini buzish holatlari ko‘payib borayotganini alohida qayd etdi. Uning fikricha, bu holat profilaktik va cheklovchi choralarni kuchaytirishni talab qiladi.
Deputat tomonidan ilgari surilgan asosiy takliflar:
Do‘konlarda alkogol mahsulotlarining chakana savdosini soat 20:00 dan keyin, kafe va restoranlarda esa soat 22:00 dan keyin taqiqlash;
Bolalar muassasalari atrofida 100 metr radiusda spirtli ichimliklar sotishga qo‘yilgan taqiqni qayta joriy etish;
Alkogol sotuvi bilan shug‘ullanuvchi savdo nuqtalari sonini cheklash taklif etilgan.
Qo‘shimcha ravishda, alkogol mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkaga ega tovarlar ro‘yxatiga kiritish, onlayn savdoni to‘liq taqiqlash hamda yoshlar o‘rtasida alkogolizmning salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan raqamli va media profilaktika dasturlarini ishlab chiqish masalasi ham ko‘tarildi.
Tashabbus mualliflari bu choralar ijtimoiy xavflarni kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 35 foizdan 18 foizga, tamaki mahsulotlarida esa 19,6 foizdan 9 foizga kamaygani haqida ma’lumot bergan edik. Shuningdek, alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etilib, soha bo‘yicha 517 ta murojaat ko‘rib chiqilgan hamda 97 ta ulgurji savdo korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.





