Qurilish ruxsatnomalari xarajati ikki barobar qisqaradi
Qurilish jarayonida turli idoralarga alohida murojaat qilish zaruratini kamaytirishi va hujjat aylanishini soddalashtirish maqsadida arxitektura va shaharsozlik talablarini berish bo‘yicha yagona davlat xizmati joriy etiladi.
© vaqt.uzPrezidentning «Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–104-sonli farmoniga muvofiq, 2026 yil 1-sentabrdan boshlab respublika bo‘ylab arxitektura va shaharsozlik sohasidagi bir qator davlat xizmatlari yagona tizimga birlashtiriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1-iyuldan obyektlarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash jarayoni ham yangi mexanizm asosida tashkil etiladi. Endi tadbirkorlar «1 ta ariza – 1 to‘lov – barcha ulanish nuqtalari» tamoyili orqali elektr, gaz, suv va boshqa kommunikatsiyalarga ulanish uchun yagona murojaat taqdim etadi.
Farmonga ko‘ra, bino konstruksiyasi, mustahkamligi yoki yong‘in xavfsizligiga ta’sir qilmaydigan, obyekt quvvati va vazifasi o‘zgarmaydigan hollarda loyiha hujjatlarini hududiy kengashlar bilan qayta kelishish amaliyoti bekor qilinadi.
Nazorat raqamlashtiriladi
Qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun tadbirkorlarga qo‘shimcha besh ish kuni beriladi. Bu esa hujjatlardagi texnik xatolar sababli arizalarni qayta topshirish holatlarini kamaytirishi mumkin.
2026 yil 1-sentabrdan qurilish obyektlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida videokuzatuv kameralaridan foydalanish amaliyoti ham keng joriy etiladi.
Kameralar majburiy bo‘ladi
Yangidan qurilishi boshlanadigan ko‘p kvartirali uy-joylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha obyektlari, mehmonxonalar, turizm, savdo va sanoat inshootlarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.
Bundan tashqari, budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan va qiymati 3 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan obyektlar ham ushbu talab doirasiga kiritiladi. Hukumat mazkur choralar qurilish jarayonlarining shaffofligini oshirish, xavfsizlikni kuchaytirish va nazorat samaradorligini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.





