add

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlantirdi

Bugun 11:551192

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni biologik faol qo‘shimchalarni «dori» sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikka chaqirdi. Hozirga qadar qo‘mitaga ushbu mahsulotlar bo‘yicha 2 345 dan ortiq fuqarolik murojaatlari kelib tushgan.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlantirdi

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlikka chaqirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mita oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarga oid muntazam nazorat xaridlarini amalga oshirib kelmoqda. 2023 yilda o‘tkazilgan 397 ta xariddan 24 tasi, 2024 yilda 560 ta xariddan 95 tasi, joriy 2025 yilda esa 618 ta xariddan 123 tasi sifat talablariga javob bermagan.

Shuningdek, hozirga qadar qo‘mitaga ushbu mahsulotlar bo‘yicha 2 345 dan ortiq fuqarolik murojaatlari kelib tushgan. Ulardan 337 tasi, ya’ni 14 foizi biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari bilan bog‘liq shikoyatlardir.

Aksariyat hollarda fuqarolar televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar ta’sirida bu mahsulotlarni sotib olgan, ammo ular kutilgan samarani bermagan yoki sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Qo‘mita aholini «barcha kasalliklarni 1 oyda davolaydi» kabi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan reklamalarga ishonmaslikka chaqirmoqda.

«Biologik faol qo‘shimchalar (BAQ) dori vositasi hisoblanmaydi va kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallanmagan. Ular faqat organizm faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yoki ayrim kasalliklarning oldini olish (profilaktika) maqsadida qo‘llanilishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘yishga va faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan, rasmiy sertifikati mavjud mahsulotlardan foydalanishni tavsiya etmoqda. Shu bilan birga, har qanday qo‘shimchani iste’mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan tekshiruvlar natijasida litsenziyasiz faoliyat yuritgan xususiy klinikalar fosh etilganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni ogohlantirdi | Vaqt.uz