
Rossiya maktablarida bilim va xulq-atvorni baholashda sovetcha amaliyotga qaytiladi
Rossiya maktablarida o‘quvchilar xulq-atvorini baholash amaliyotini qayta joriy etish rejalashtirilmoqda.

Rossiya ta’lim tizimida sovet davriga xos bo‘lgan yana bir mexanizm — o‘quvchilarning xulq-atvorini baholash amaliyoti qayta joriy etilishi mumkin. Rossiya Maorif vazirligi tomonidan tayyorlangan buyruq loyihasiga ko‘ra, maktablarda ichki tartib-qoidalarga rioya etish, jumladan, dars paytidagi intizomni nazorat qilish xulq-atvor baholari qo‘yilishini nazarda tutishi mumkin. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portaliga joylashtirilgan.
Loyihaga muvofiq, o‘quvchilar dars vaqtida mobil telefonlardan foydalanmaslikka majbur bo‘ladi. Faqat favqulodda holatlar bundan mustasno etiladi. Agar hujjat tasdiqlansa, yangi qoidalar 2026 yil 1-sentabrdan kuchga kiradi. Bu haqda Maorif vazirligiga tayanib, «RBK» ma’lum qilmoqda.
Avvalroq «Interfaks» agentligi Rossiya maorif vaziri Sergey Kravsovga tayanib xabar berishicha, xulq-atvor bahosini mamlakat bo‘ylab joriy etish masalasi 2026 yil aprelida tajriba natijalari asosida hal qilinadi. Pilot loyiha 2025 yil 1-sentabrdan boshlab yetti hududda — Novgorod, Yaroslavl, Tula, Leningrad oblastlari, Checheniston, Mordoviya hamda Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan Lugansk oblasti hududida ishga tushirilgan. Tajriba o‘quv yili oxirigacha davom etib, 1–8-sinf o‘quvchilarini qamrab oladi.
Hududlarga baholashning uch xil shakli taklif etilgan: to‘rt bosqichli («a’lo», «yaxshi», «qoniqarli», «qoniqarsiz»), zachyot tizimi («zachyotdan o‘tdi»/«zachyotdan o‘tmadi») yoki uch bosqichli («namunali», «qoniqarli», «qoniqarsiz»).
Tashabbus jamoatchilikda turlicha baholanmoqda. «Uchitel» kasaba uyushmasi raisi Dmitriy Kazakov fikricha, xulq-atvor bahosi maktablardagi nizolar va tizimli muammolarni hal etmaydi. U bu tashabbusni «oson yechim izlashga urinishi» deb atab, uning samarasi shubhali ekanini ta’kidlagan.





