
Rossiya migrantlarga oshxona pichog‘i olib yurishni taqiqlamoqchi
Rossiyada migrantlarni oshxona va maishiy pichoqlarni olib yurishdan cheklash bo‘yicha qonun loyihasi Davlat dumasiga kiritildi. Migratsiya siyosati yanada qat’iylashmoqda.

Rossiya Davlat dumasiga mamlakatda yashovchi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga maishiy yoki oshxona pichoqlarini olib yurishni taqiqlovchi yangi qonun loyihasi kiritildi. Hujjat RFKP fraksiyasi deputatlari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, «Qurol haqida»gi federal qonunning 6-moddasiga o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi. Loyiha parlamentning elektron bazasiga joylashtirilgan.
Tashabbus mualliflari Ichki ishlar vazirligi statistikasiga tayanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda migrantlardan musodara qilingan sovuq qurollar soni oldingi yilga nisbatan 25,9 foizga oshgan. Shu bilan birga, qonunga ko‘ra rasman sovuq qurolga kirmaydigan, ammo ayni maqsadda qo‘llanilayotgan maishiy pichoqlar bilan sodir etilayotgan jinoyatlar ham keskin yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Qonun tashabbusi Rossiyada migratsiya siyosati borgan sari qat’iylashib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Iyun oyida RF ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev mehnat qilmaydigan va adaptatsiya qilmaydigan migrantlarni mamlakatdan chiqarish zarurligini aytgan edi. Sentyabrda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov «keldi—ishladi—ketdi» tamoyili asosida migratsiya siyosatini o‘zgartirishni e’lon qildi.
Avgust oyida esa maktablarga Yagona uslubiy ko‘rsatmalar yuborilib, pedagoglarga «xavfli xulq»ga moyil migrant bolalariga alohida e’tibor qaratish tavsiya qilindi. Bu ham Rossiya jamiyatida migratsiya masalasi sezilarli darajada siyosiylashganini ko‘rsatadi.
1-sentabrdan Moskva shahri va Moskva oblastida mehnat migrantlarini nazorat qilishning yangi usuli — «Amina» mobil ilovasi sinov tariqasida ishga tushirildi. Ilova foydalanuvchining geolokatsiyasini MIVga uzatadi. Geolokatsiya uch kun yo‘qolsa, migrant MMS manzili bo‘yicha ro‘yxatdan avtomatik chiqariladi, monitoring talablarini buzish esa «nazoratdagi shaxslar» reyestriga tushish xavfini keltirib chiqaradi.





