
Rossiya yirik biznesi sanoatda eng og‘ir inqiroz boshlanganini bildirmoqda
Rossiyada yirik sanoat korxonalari 2025-yilni 1990-yillardan buyon eng og‘ir davr deb baholamoqda: talablar quladi, ishlab chiqarish rejalari keskin qisqargan.

Rossiya sanoati so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir inqiroz ostonasiga kelib qoldi. Yirik korxonalar rahbarlariga ko‘ra, 2025 yilda mahsulot sotuvi 1998 yildan beri eng yomon darajaga tushgan.
Bu haqda Iqtisodiy prognozlash instituti o‘tkazgan so‘rov natijalarida aytilgan. Talab bo‘yicha baholar 2009 va 2015-yillardagi inqiroz davridan ham past darajaga tushib ketgan.
Tadqiqotga ko‘ra, korxonalarning ishlab chiqarish rejalari 16 yil ichidagi eng past nuqtaga tushgan. Sanoat optimizmi indeksi ham 2009-yildan beri kuzatilmagan darajada pasaygan.
Ikki yillik harbiy buyurtmalar hisobiga kuzatilgan o‘sishdan so‘ng iqtisodiyot keskin sekinlashdi. YAIM o‘sishi deyarli to‘xtadi, sanoat esa retsessiyaga kirdi. Noyabr oyida ishlab chiqarish yillik hisobda 0,7 foizga kamaygan.
«Kommertsant» nashriga ko‘ra, ayrim sohalarda pasayish juda keskin. Metallurgiya 4,1 foizga, mashinasozlik 5,4 foizga qisqargan. Oziq-ovqat ishlab chiqarish ham 15 yilda ilk bor kamaygan. Ayrim texnikalar ishlab chiqarishi esa ikki baravargacha tushib ketgan.
Mutaxassislar fikricha, harbiy iqtisodiyot fuqarolik sanoatini siqib chiqaryapti. Yuqori texnologiyali sohalar o‘rnini samaradorligi past tarmoqlar egallamoqda. Iqtisod «harakatsiz holatda qizib borayotgan motor»ga o‘xshaydi — tashqi ko‘rinishi sokin, ammo ichki xavflar ortib bormoqda.





