Mirziyoyev: O‘zbekiston — investorlar uchun katta imkoniyatlar mamlakati
Toshkentdagi IV Xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning investitsiyaviy siyosatini
belgilab berdi. U jahon geosiyosiy beqarorligi davrida investitsiyalarni barqarorlik va tinchlik kafolati sifatida ta’kidladi.
Prezident so‘nggi 8 yilda YAIM ikki baravar oshganini, investitsiyalar hajmi 35 mlrd dollarga, eksport 27 mlrd dollarga yetganini qayd etdi. U investitsiyaviy strategiyaning to‘rt asosiy yo‘nalishini e’lon qildi: «yashil» energiya salohiyatini kengaytirish, raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt, moliya islohotlari hamda mineral resurslar bozori.
Shuningdek, milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani, 29 ta yirik korxona xususiylashtirilishi va xalqaro IPO bozoriga chiqishi ma’lum qilindi. Prezident logistika va infratuzilmaga e’tibor kuchayganini, «Yangi Toshkent» qurilishi boshlanishini ma’lum qildi.
Rossiyada o‘zbek migrantlari soni 4 barobargacha kamaydi
Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik migrantlar soni so‘nggi yillarda 4 barobargacha
kamaygan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hozirda Rossiyada taxminan 1 mln o‘zbekistonlik ishlamoqda. Ilgari bu ko‘rsatkich 4–5 mln atrofida edi.
Bu bayonot muhojirlarga nisbatan zo‘ravonlik holati aks etgan videolar tarqalganidan so‘ng yangradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 1,2 mlnga yaqin o‘zbekistonlik ro‘yxatdan o‘tgan holda yashamoqda. Bu migratsiya oqimi sezilarli qisqarganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston tomoni Moskvaga rasmiy nota yuborib, huquq-tartibot organlari harakatlariga huquqiy baho berishni talab qilgan. Hozirda muhojirlarning huquqiy himoyasi va xavfsizlik sharoiti yana kun tartibiga chiqmoqda.
Rossiya o‘zbekistonliklarga nisbatan tekshiruvlar yuzasidan murojaatni ko‘rib chiqmoqda
O‘zbekistonning Rossiyada fuqarolariga nisbatan olib borilayotgan tekshiruvlar haqidagi xavotiri Moskvaga yetkazilgan va rasmiy ravishda ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova
ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning murojaati javobsiz qolmaydi va maxsus xizmatlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri kanallar yordamida atroflicha tahlil etiladi. Zaxarova bu kabi masalalar bo‘yicha ittifoqchi davlatlar o‘rtasida ochiq va samimiy muloqot olib borilayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston TIV esa avvalroq Rossiyada o‘z fuqarolariga nisbatan hurmatsiz munosabat, noqonuniy tekshiruvlar va ruhiy bosim holatlaridan xavotir bildirgan edi. Rasmiy Toshkent bu borada inson huquqlari va xalqaro normalarga amal qilishga chaqirgan.
O‘zbekistonga may oyida 1,1 mln sayyoh keldi
2025 yil may oyida O‘zbekiston 1,1 mln xorijiy sayyohni qabul qildi. Bu — mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, oldingi rekordni ham
ortda qoldirdi.
Sayyohlar soni ortishi turizm sohasidagi islohotlar va kengaytirilgan vizasiz rejim natijasidir. Mamlakat xalqaro ko‘rgazmalarda faol qatnashmoqda, farmon va qarorlar orqali turizmga investitsiyalar jalb etilmoqda. Shu bilan birga, infratuzilmani rivojlantirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilish kabi choralar O‘zbekistonning jozibadorligini oshirgan.
Yangi mehmonxonalar qurilishi, mavjud ob’ektlarni modernizatsiya qilish va elektron viza tizimining kengayishi ham sayyohlar oqimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bola puli miqdori oshdi, lekin oluvchilar ikki baravarga kamaydi
O‘zbekistonda bola puli oluvchi oilalar soni bir yil ichida ikki baravarga
qisqardi. 2024 yil boshida 1,9 million oila ushbu nafaqani olgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida ular soni 774 mingtaga tushgan. Ya’ni, bir yil ichida 1,1 million oila bola pulidan mahrum bo‘lgan.
Shu bilan birga, umumiy to‘lov hajmi ortib borgan. Masalan, 2024 yil yanvarda ajratilgan mablag‘ 888,7 milliard so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilning birinchi choragida u 1,16 trln so‘mga yetgan. Bu — bola puli oluvchilar soni kamayganiga qaramay, ularga to‘lanadigan summalar oshganini ko‘rsatadi.
Eng katta qisqarish Qashqadaryo, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Andijon va Surxondaryoda qayd etildi.