Logo

Sentyabr oyida aholi eng ko‘p go‘sht va sut narxi oshganini sezdi

Ushbu oyda aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 9,2 foizni tashkil etdi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida, eng pasti esa Namangan viloyatida qayd etildi.

Sentyabr oyida aholi eng ko‘p go‘sht va sut narxi oshganini sezdi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank 2026-yil sentabr oyi yakunlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan inflyatsion kutilmalar va sezilgan inflatsiya bo‘yicha so‘rov natijalarini e’lon qildi.

2 726 nafar respondent ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, sentabr oyida aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foizga pasayib, 9,2 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxt aholisi sezgan inflatsiya 11,9 foizga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (10,1 foiz), Sirdaryo viloyati (10 foiz), Surxondaryo viloyati (9,9 foiz), Qashqadaryo (9,7 foiz) va Toshkent viloyatlari (9,4 foizdan) joylashgan.

Eng past ko‘rsatkichlar esa Namangan viloyatida (7,9 foiz), Buxoro viloyatida (8,1 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (8,5 foiz) va Jizzax viloyatida (8,5 foiz) kuzatilgan.

1



Mahsulotlar kesimida

So‘rov ishtirokchilari avgust-sentabr oylarida eng katta narx o‘sishini asosan go‘sht va sut mahsulotlarida sezganini bildirgan. Bu toifani respondentlarning 56 foizi qayd etgan. Shuningdek, benzin va yoqilg‘i narxlari o‘sishini 53 foiz, elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshganini 36 foiz ishtirokchi ta’kidlagan.

Narxlar o‘sishi yo‘lkira va tashish, kafe-restoran xizmatlari, qurilish materiallari, dori vositalari, tibbiy xizmatlar, ta’lim xizmatlari, ijara haqi va boshqa tovar hamda xizmatlar bo‘yicha ham qayd etilgan.

2


Tadqiqot natijalari daromad darajasi yuqori bo‘lgan aholi inflatsiyani ko‘proq sezayotganini ham ko‘rsatdi. Xususan, oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromadga ega respondentlar orasida sezilgan inflatsiya 15,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, oylik daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lganlar orasida bu ko‘rsatkich 7,7 foiz bo‘lgan.

3


Sohalar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich pensionerlar, turizm, maishiy xizmat ko‘rsatish, davlat tashkilotlari xodimlari orasida qayd etilgan. Eng past sezilgan inflatsiya esa kafe-restoranlar, talabalar va savdo sohasi vakillari orasida kuzatilgan.

4


Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar eng ko‘p yoqilg‘i va kommunal xizmatlar narxi oshishidan xavotirda ekanligi ma’lum qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid