
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga amaliy tashrif bilan bordi
Yaponiya safari yakunlangach, davlat rahbari Sankt-Peterburgga yo‘l oldi. U yerda ko‘p tomonlama sammitlarda ishtirok etadi.

Yaponiyadagi rasmiy tadbirlar yakunlanganidan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevroosiyo makonidagi muhim muloqotlarda ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif bilan jo‘nab ketdi. Davlat rahbari Sankt-Peterburg shahriga keldi.
«Pulkovo» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov va qator rasmiy shaxslar kutib oldi. Tashrif rasmiy protokolga muvofiq tashkil etildi va delegatsiya shahar markaziga yo‘l oldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston yetakchisi 21–22-dekabr kunlari Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida ishtirok etadi. Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvi ham rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan mazkur ko‘p tomonlama birlashmalar doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid dolzarb masalalar o‘rin olgan. Iqtisodiy aloqalar, savdo-logistika, sanoat kooperatsiyasi va transport yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish kabi mavzular muhokama markazida bo‘lishi kutilmoqda.
An’anaga ko‘ra, uchrashuvlarda birgalikda amalga oshirilgan ishlar natijalari sarhisob qilinadi hamda kelgusi yilga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashiladi.





