Logo

Sherzod Xodjayev Energetika vaziri lavozimiga tayinlandi

Bugun 14:301 daqiqa

U mazkur lavozimda yaqinda vazifasidan ozod etilgan Jo‘rabek Mirzamahmudovning o‘rnini egalladi.

Sherzod Xodjayev Energetika vaziri lavozimiga tayinlandi © Energetika vazirligi

Jo‘rabek Tursunpulatovich Mirzamahmudovning Energetika vaziri lavozimidan ozod etilgani rasman tasdiqlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident farmoni bilan Mirzamahmudovning o‘rniga Sherzod Xikmatullayevich Xodjayev O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri lavozimiga tayinlandi. Bundan ilgariroq Sherzod Xo‘jayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.

Tayinlov munosabati bilan Sherzod Xodjayev 2023-yildan buyon egallab kelgan O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot uchun, Sherzod Xodjayev mehnat faoliyatini 1998-yilda Energetika va elektrlashtirish vazirligida dasturchi-muhandis sifatida boshlagan. Keyinchalik u «O‘zbekenergo» davlat aksiyadorlik kompaniyasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab, 2017-yilgacha direktor o‘rinbosari, 2018-yilgacha esa kompaniya direktori vazifasini bajargan.

2019–2023-yillarda energetika vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Xodjayev 2023-yilda Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisiga rahbarlik qildi. O‘sha yil yanvar oyida mamlakatda kuzatilgan energetika inqirozidan so‘ng u egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

2023-yildan buyon Sherzod Xodjayev Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori sifatida ishlab kelayotgan edi.

Teglar

Mavzuga oid