«SHHT plyus» doirasida investitsiya, texnologiya va ta’lim bo‘yicha yangi platformalar yaratiladi
Shavkat Mirziyoyev «SHHT plyus» doirasida yuqori texnologiyalar, investitsiyalar va ta’lim sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
© president.uzO‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «BMT adolatli dunyo tartibotining asosiy bo‘g‘ini sifatida: «SHHT plyus» davlatlarining ko‘p qutbli dunyoni shakllantirishga qo‘shayotgan hissasi» mavzusidagi uchrashuvda ishtirok etdi.
«SHHT plyus» formatidagi tadbirda SHHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari va tashkilotning doimiy faoliyat yurituvchi organlari rahbarlari, kuzatuvchi va hamkor mamlakatlar yetakchilari, faxriy mehmonlar, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda xalqaro tashkilotlarning yuqori lavozimli vakillari qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev nutqida dunyodagi o‘zgarishlar sharoitida BMT va mintaqaviy tuzilmalarning rolini kuchaytirish masalasiga to‘xtaldi.
Prezidentning ta’kidlashicha, BMT o‘zining markaziy va muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tashkilotlar esa mahalliy sharoit, ehtiyoj va imkoniyatlarni hisobga olgan holda umumiy tamoyillar hamda qarorlarni amalga oshirishda ko‘maklashishi lozim.
O‘zbekiston Yevropa va Osiyoni qamrab olgan makonda ochiq va o‘zaro manfaatli hamkorlik tarafdori ekani qayd etildi. Davlat rahbari o‘zaro bog‘liqlikni strategik mustaqillik va barqarorlik omili sifatida baholadi.
«SHHT plyus» uchun yangi vazifalar belgilandi
Shavkat Mirziyoyev «SHHT plyus» formatida barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, ta’limni ommalashtirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha mintaqalararo muloqot maydonini rivojlantirishni taklif qildi.
Shuningdek, tajriba almashish va yondashuvlarni muvofiqlashtirish, BMT doirasida umumiy yechimlarni ilgari surish maqsadida mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmog‘ini yaratish uchun mazkur formatdan platforma sifatida foydalanish mumkinligi bildirildi.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Tabiatdan oqilona foydalanish, «yashil» energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar hamda texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirish taklif etildi.
«SHHT Invest» doimiy platformaga aylanishi mumkin
Yig‘ilishda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shavkat Mirziyoyev biznes uchun bozorlarga kirish tartiblarini soddalashtirish, transchegaraviy transport yo‘laklarini ishga tushirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Shu maqsadda «SHHT Invest» forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma maqomini berish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, turli siyosiy tizim, madaniy an’ana va dunyoqarashga ega mamlakatlarning hamkorlik borasidagi tajribasini rivojlantirish uchun «SHHT plyus» madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini ta’sis etish taklif qilindi. Ushbu forumni ilm-fan va ma’rifatning qadimiy markazi bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazish taklif etildi.
Prezident «SHHT plyus» zamon talab qilayotgan muloqot maydoni ekanini ta’kidlab, mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasidagi umumiy manfaatlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, barqarorlik va o‘zaro ishonch uchun asos ham shunchalik mustahkam bo‘lishini qayd etdi.





