Shveysariya sudi O‘zbekiston bilan bog‘liq pul yuvish ishi bo‘yicha «Lombard Odier» bankini jarimaga tortdi
Shu bilan O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sud jarayoni to‘xtatildi. Shveysariya prokuraturasi Karimovani pora olishda va «Ofis» deb atalgan jinoiy guruhni boshqarishda ayblagan edi.
© Reuters27-iyul kuni Shveysariya sudi «Lombard Odier» xususiy bankini pul yuvishning oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmagani uchun 3 million Shveysariya franki (taxminan 3,68 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sud jarayoni to‘xtatildi. Shveysariya prokuraturasi Karimovani pora olishda va «The Office» (Ofis) deb atalgan jinoiy guruhni boshqarishda ayblagan edi. Tergovchilarning fikricha, bu guruh 2005–2013-yillar oralig‘ida yuzlab million dollar noqonuniy mablag‘larni Shveysariyadagi bank hisoblariga o‘tkazgan.
Jenevada joylashgan «Lombard Odier» banki va uning sobiq xodimi Karimovaning noqonuniy faoliyatidan tushgan pullarni yashirishga yordam berganlikda gumon qilingan. Sud jarayoni aprel oyida boshlangan edi. Sud bayonotida aytilishicha, «Lombard Odier» banki pul yuvishning oldini olish uchun «barcha zarur va oqilona tashkiliy choralarni ko‘rmagani» sababli jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, sud 400 million frankdan ortiq mablag‘ va aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqardi. Bankning sobiq hisob menejeriga esa 24 oylik shartli qamoq jazosi berildi.
Karimova O‘zbekistonda korrupsiya ishi bo‘yicha qamalgan
«Lombard Odier» banki 27-iyul kuni bergan bayonotida, bu ish 2012-yilda bankning o‘zi shubhali holatlar haqida Shveysariya rasmiylariga xabar berganidan keyin boshlanganini aytdi. Bank o‘sha paytda kuchli ichki nazorat va pul yuvishga qarshi tizimlari bo‘lganini ta’kidladi hamda sud qaroriga apellyatsiya berishini bildirdi.
54 yoshli Gulnora Karimova — O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi. U barcha ayblovlarni rad etib kelgan. Karimova 2019-yilda O‘zbekistonda uy qamog‘i shartlarini buzganidan keyin qamoqqa olingan.
Shveysariya sudi Karimovaga qarshi ishni to‘xtatganini aytdi. Sababi uning Shveysariyaga olib borilishi yoki ekstraditsiya qilinishi ehtimoli yo‘q edi va ish bo‘yicha da’vo muddati tugab ketishi kutilgan. Rossiyada yashovchi B. ismli yana bir gumondorga nisbatan ham ish to‘xtatilgan. Chunki u o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Shveysariyaga borolmagan.
Sud bank va uning xodimiga berilgan jazolarni jinoyatlar sodir bo‘lganidan beri ko‘p vaqt o‘tganini hisobga olib kamaytirgan. 2011-yil iyulidan oldingi voqealar bo‘yicha ayblovlar esa da’vo muddati tugagani sababli bekor qilingan.
Karimovaga ochilgan jinoyat ishlari
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013-yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015-yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017-yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020-yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Birinchi prezidentning qizi dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025-yilning yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulnora Karimova aktivlaridan moliyalashtirilgan ilk loyiha yakunlangandi. Unga Karimovaning Shveysariyadan qaytarilgan aktivlaridan 43,5 mln dollar yo‘naltirilgandi.





