
Strategik rejalashtirish hujjatlari raqamli platforma orqali monitoring qilinadi
Strategik hujjatlar ijrosini onlayn monitoring qilish va davlat organlari samaradorligini baholashga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

PQ–394-sonli prezident qarori bilan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish belgilandi. Hujjatga muvofiq, strategik rejalashtirish hujjatlarining samaradorlik ko‘rsatkichlarini monitoring qilish maxsus raqamli platforma orqali amalga oshiriladi.
Qarorga ko‘ra, strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasida maqsadli ko‘rsatkichlarga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari har bir samaradorlik ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha haqiqiy ma’lumotlar, erishilgan natijalar hamda ularni tasdiqlovchi hujjatlarni doimiy ravishda kiritib borishi shart bo‘ladi.
Shuningdek, milliy darajadagi strategik rejalashtirish hujjatlarining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat organlarining reytingi shakllantiriladi. Ushbu reyting Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat organlari faolligining milliy reytingini tuzishda inobatga olinadi.
Qarorda raqamli platformaning moliyaviy intizomni ta’minlashdagi roli ham belgilangan. Jumladan, soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirishga oid dasturlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida mablag‘ ajratilishini talab qiladigan masalalar yetarlicha asoslanmagan taqdirda, bunday loyihalar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kelishilmaydi.
Shu bilan birga, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha taklif va tashabbuslarni ishlab chiqish jarayonida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi «Islohotlar shtablari» bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.





