Surxondaryoda bankomat pulini o‘zlashtirgan bankirlar aniqlandi

25.02.2026 | 11:151 daqiqa

Tijorat banki xodimlari qariyb 400 mln so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Surxondaryoda bankomat pulini o‘zlashtirgan bankirlar aniqlandi

Surxondaryoda tijorat banki xodimlari bankomat pulini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda hududiy tijorat bankining sobiq sho‘ba mudiri va nazoratchi kassiri bankomatlarga ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgani ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv materiallariga ko‘ra, bank xizmatlari markazining sobiq sho‘ba mudiri T.S. o‘ziga biriktirilgan bankomatlarga ajratilgan 262,5 mln so‘mni o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Shuningdek, nazoratchi kassir S.N. ham 132,8 mln so‘m mablag‘ni noqonuniy ravishda o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Shu tariqa, umumiy zarar miqdori qariyb 395 mln so‘mni tashkil etgan. Mazkur holat bank tizimida ichki nazorat mexanizmlarining samaradorligiga doir savollarni kun tartibiga chiqarmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holatga huquqiy baho berildi. Jinoyat kodeksining 167-moddasi, ya’ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 110 ming dollar pora talab qilgan bank mansabdori ushlanganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid