Logo

Toshkent viloyatida aviahalokat bo‘yicha simulyatsion mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi

Bugun 20:271 daqiqa

Ssenariyga ko‘ra, Istanbul–Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan yo‘lovchi samolyoti Toshkentga qo‘nishga yaqinlashgan vaqtda aloqa uzilib, aviahalokat yuz berdi. Yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi va ular shifoxonalarga yetkazildi.

Toshkent viloyatida aviahalokat bo‘yicha simulyatsion mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi

7-avgust kuni Toshkent xalqaro aeroporti tashabbusi bilan O‘rta Chirchiq tumanida parvozlarni qidiruv-qutqaruv faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha idoralararo kompleks o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi. Bu haqda aeroport matbuot xizmati xabar berdi.

Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, Istanbul–Toshkent yo‘nalishida parvoz qilayotgan yo‘lovchi samolyoti Toshkentga qo‘nishga yaqinlashgan vaqtda aloqa uzilib, aviahalokat yuz bergani simulyatsiya qilindi. Shundan so‘ng samolyotni qidirish, qutqaruv ishlarini tashkil etish va favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi. Unga 250 ga yaqin mutaxassis va 25 ta maxsus texnika jalb etildi.

Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Toshkent xalqaro aeroporti mutaxassislari hamkorligida yong‘inni o‘chirish, yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarni holatiga qarab saralash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va shifoxonalarga yetkazish, samolyot bortidagi xavfli yukni xavfsiz hududga olib chiqish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi.

Qayd etilishicha, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — aviahalokat sodir bo‘lgan taqdirda qator vazirlik va idoralar, Toshkent aeroportining bo‘linmalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda harakatlanishni ta’minlash, aviahalokat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish hamda xodimlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada samolyot qulab tushishi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgandi.

Teglar

Mavzuga oid