Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etildi
Toshkentda xalqaro moliya markazi va tijorat sudi tashkil etilib, maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.

O‘zbekistonda moliya bozorini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida «Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, yangi markaz poytaxtda zamonaviy moliyaviy infratuzilma sifatida faoliyat yuritadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi
Farmonda belgilanishicha, markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi ham tashkil etiladi. U birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichlaridan iborat bo‘lib, xalqaro standartlarga mos ravishda ish yuritadi.
Toshkent xalqaro tijorat sudi birinchi instansiya va apellyatsiya sudidan iborat bo‘ladi.
Markaz hududida quyidagi faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi:
Moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati;
Sug‘urta, raqamli (kripto) aktivlar;
Qimmatli qog‘ozlar;
To‘lov tizimlari va xizmatlari;
Islomiy va yashil moliya;
Moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatish va tranzaksiyalarni amalga oshirish;
Auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish.
Yangi markaz hududida maxsus huquqiy rejim joriy etiladi. Bu esa investorlar uchun qulay va barqaror muhit yaratishga xizmat qiladi. Markaz boshqaruv organlariga bir qator huquqiy sohalarda normativ-hujjatlar qabul qilish vakolati berilishi ham nazarda tutilgan.
Markazda Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi.





