Logo

Toshkent xalqaro moliya markazida kriptovalyuta va istalgan valutada bitimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi

Bugun 19:203 daqiqa

«Silk Road Finance & Technology Forum»da Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi, mustaqil regulyator, kriptovalyuta va erkin valuta operatsiyalarini joriy etish rejalari ma’lum qilindi.

Toshkent xalqaro moliya markazida kriptovalyuta va istalgan valutada bitimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi

Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz umumiy huquqi joriy qilinishi, mustaqil regulyator tashkil etilishi va bitimlarni istalgan valyutada amalga oshirish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Prezident administratsiyasi loyihalar koordinatori Nodirjon Jo‘rayev «Silk Road Finance & Technology Forum»da ma’lum qildi, deya Vaqt.uz muxbiri xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent xalqaro moliya markazi uchun alohida huquqiy va institutsional muhit yaratiladi. Markaz ishtirokchilari milliy moliya tizimidagi odatiy tartibga solish tizimidan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi rejalashtirilmoqda.

Markaz uchun alohida huquqiy tizim yaratiladi

Nodirjon Jo‘rayevning aytishicha, Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz umumiy huquqi qo‘llaniladi va uning faoliyatini tartibga soluvchi mustaqil regulyator tashkil etiladi.

«Markaziy bank yoki Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari yoki muassasalari bilan ishlamaydi», — dedi u.

Shu bilan birga, moliya markazi ishtirokchilari O‘zbekistonning ichki bozorida ham xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun Markaziy bank bilan hamkorlikda tegishli normativ-huquqiy baza ishlab chiqiladi.

Jo‘rayevning ta’kidlashicha, bunday holatda milliy qonunchilik, jumladan, soliq qoidalari amal qiladi.

Istalgan valuta va kriptovalyutada bitimlar

Toshkent xalqaro moliya markazida bitimlarni istalgan valyutada amalga oshirish imkoniyati yaratilishi ham rejalashtirilmoqda.

Bu, Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy, Singapur, Yaponiya va boshqa davlatlardan korrespondent banklarni jalb qilish imkonini beradi. Ular o‘z milliy valyutalarida operatsiyalar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Moliya markazining huquqiy bazasida kriptovalyutalardan ayirboshlash vositasi sifatida foydalanish ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, xorijiy kompaniyalar va moliya muassasalari uchun jozibador soliq rejimi taklif etiladi.

«Xorijiy kompaniyalar va moliya muassasalari uchun nollik soliq stavkasi nazarda tutilgan. Yagona cheklov pul yuvishga qarshi talablar bilan bog‘liq bo‘ladi», — dedi Nodirjon Jo‘rayev.

«Maqsad — Markaziy Osiyoni xalqaro bozorlarga bog‘lash»

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov Toshkent xalqaro moliya markazi aniq iqtisodiy vazifalarni hal qilishi kerakligini ta’kidladi.

Uning fikricha, O‘zbekiston iqtisodiyoti tez o‘sib borayotgan bir paytda moliyaviy savodxonlik oshmoqda, moliyalashtirish imkoniyatlari kengaymoqda va mamlakatning xalqaro moliya tizimiga integratsiyasi kuchaymoqda.

«Men uchun Toshkent xalqaro moliya markazi mahalliy korxonalar va moliya muassasalarini xalqaro institutlar hamda bozorlar bilan bog‘lashi, kompaniyalarning moliyaviy instrumentlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Vaqt o‘tishi bilan bu Markaziy Osiyoni yanada samarali xalqaro moliya bozorlari bilan bog‘lash imkonini beradi», — dedi Olimov.

Uning aytishicha, moliya markazi doirasida aniq va belgilangan tizim asosida moslashuvchan valyuta rejimi bo‘lishi kerak.

Bunda ishtirokchilar transchegaraviy operatsiyalarni amalga oshirish va o‘z kapitalini erkin hamda oson repatriatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

«Biz moliyaviy barqarorlikka xavf tug‘dirmasdan moslashuvchanlikni ta’minlamoqchimiz. Ochiqlik shaffoflik, bozor yaxlitligini himoya qilish hamda pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi samarali choralar bilan birga bo‘lishi kerak», — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, asosiy vazifa yagona tizim doirasida moliya markazining ochiqligi va mamlakat moliyaviy barqarorligi o‘rtasida muvozanatni ta’minlashdan iborat.

 

Teglar

Mavzuga oid