Toshkentda BMW urib ketishi oqibatida vafot etgan YPX xodimining oilasi davlat muhofazasiga olinadi
25-fevral kuni 10-sinf o‘quvchisi BMW'da urib ketgan Yo‘l-patrul xizmati xodimi kecha, 27-fevral kuni vafot etgandi. Bosh prokuratura «har tomonlama, to‘liq va xolis tergov» hamda «jazoning muqarrarligi» ta’minlanishiga va’da berdi.

Toshkentda 25-fevral kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida og‘ir tan jarohati olgan Yo‘l-patrul xizmati xodimi 27-fevral kuni shifoxonada vafot etdi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning ma’lum qilishicha, marhumning oila a’zolari davlat muhofazasiga olinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xosilbek 2022 yilda ichki ishlar organlarida xizmat boshlagan. 2024 yildan patrul-post xizmatida faoliyat yuritgan, 2025 yildan esa Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l xizmati inspektori sifatida ishlagan.
Xizmat faoliyati davomida u huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etgan. Jami 1392 ta qoidabuzarlikni aniqlagan, shundan 324 tasi qo‘pol qoidabuzarlik bo‘lgan. 14 nafar mast haydovchining harakatiga chek qo‘ygan, shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish, hujjatsiz boshqarish va qizil chiroqqa bo‘ysunmaslik bilan bog‘liq 52 ta holatni fosh etgan.
Marhum xizmatdoshlari va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan so‘nggi manzilga kuzatilgan. U ota-onasining suyanchig‘i, ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi edi.
Hodisa haqida
Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan 10-sinf o‘quvchisi jamoat tartibini qasddan mensimay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy kuchaytirgan va maxsus signal vositalari o‘rnatgan holda bir necha bor huquqbuzarlik sodir etgan. U avval ham YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani uchun 9-yanvar kuni otasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan, ammo bu holatdan xulosa chiqarilmagan.
25-fevral kuni u tanishining opasiga tegishli BMW avtomashinasini turargohdan kaliti bilan haydab ketgan. Mirobod tumani Nukus ko‘chasida YPX inspektori Xosilbek Eshnazarovning to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, boshqa avtomashinalarni xavfli tarzda aylanib o‘tib, xizmat vazifasini bajarayotgan xodimni urib ketgan. Og‘ir tan jarohati olgan inspektor 27-fevral kuni vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasiga asosan ushlangan.
«Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan. Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.





