Toshkentda muhandislar 8 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi

Bugun 11:551 daqiqa

Toshkent shahrida elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi 400 mln so‘mlik jarimani 65 mln so‘mga tushirib berish evaziga pora talab qilgani uchun qo‘lga olindi. Ular tushirib berishni va’da qilgan.

Toshkentda muhandislar 8 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi © DXX matbuot xizmati

Ma’lum bo‘lishicha, poytaxt tumanlaridan biridagi elektr tarmoqlari korxonasi muhandislari tijorat bank filiali binosida o‘rnatilgan elektr hisoblagichning tarmoqqa noto‘g‘ri sxema orqali ulanganini aniqlab, bu holat bo‘yicha rasmiy dalolatnoma tuzgan.

Tekshiruv natijasida elektr energiyasi hisob-kitoblari xato yuritilgani qayd etilgan va shu asosda 400 mln so‘m miqdorida jarima hisoblangan.

Tergov materiallari

Tergov materiallariga ko‘ra, muhandislar elektr hisoblagichni tarmoqqa ulagan mas’ul MCHJ rahbaridan mazkur jarimani 65 mln so‘mgacha kamaytirish masalasini hal qilib berish evaziga 8 ming AQSH dollari talab qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida muhandislar pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali qabul qilib olayotgan vaqtda ushlandi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda va ish bo‘yicha barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid