add

Toshkentda qotil xotin 13 yilga, o‘g‘il esa 15 yilga qamaldi

Bugun 11:554102

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida o‘z turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylangan ayol va uning o‘g‘liga sud hukmi o‘qildi. Ayol o‘g‘li bilan oldindan til biriktirib 55 yoshli erini, avvaliga tok urdirib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Toshkentda qotil xotin 13 yilga, o‘g‘il esa 15 yilga qamaldi

Poytaxtning Sergeli tumanida yashovchi ayol 55 yoshli erini o‘g‘li bilan oldindan til biriktirib, avvaliga tok urdirib, so‘ngra bo‘g‘ib o‘ldirdi. Mazkur jinoyat ishi JIB Sergeli tuman sudida sudya Oybek Qahhorov raisligida ko‘rib chiqildi. Qotillikka erning boshqa ayol bilan yaqin munosabatda bo‘lib yurganligi va uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan oilaviy nizolar sabab bo‘lgan.

Qotillik sodir bo‘lgan kuni ayol R.J. turmush o‘rtog‘ini o‘g‘li R.M. bilan birga ziyofatga taklif qilib, spirtli ichimlik ichirgan. Mast holdagi eri A.M. ni hayotidagi boshqa ayolga uyining yarmini berib yubormasligi uchun tok urdirib, o‘ldirishga uringan. So‘ngra bo‘g‘ib o‘ldiradi. Ona-bola jasadni yo‘qotish uchun ayolning Trakcyer avtomobiliga ortib, Sergeli tumanining “Xalqobod” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Qorasuv” kanalining aeroport devori tomonida qamishlar orasiga tashlab qaytadi. Ikki kundan so‘ng Ichki ishlar bo‘limiga xabar berib, eri bedarak yo‘qolganini aytadi.

Sud tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhum A.M. ning o‘limi “bo‘yin a’zolarini qattiq o‘tmas jism bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfeksiyadan yuz berganligi, unda qalqonsimon tog‘ay o‘ng yuqorigi shoxi yuqori uchligidan to‘liq ko‘ndalang sinishi aniqlangan. Ushbu jarohat hayotiyligida, o‘limidan oldin qattiq o‘tmas jism ta’sirida hosil bo‘lganligi, og‘irlik darajasiga ko‘ra odatda tirik shaxslarda ushbu jarohatni mexanik asfeksiya bilan asoratlanishi og‘ir tan jarohatlari toifasiga kirishligi hamda o‘lim yuz berishi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdaligi ko‘rsatilgan. Shuningdek, marhumning miyasida 3,18 promille miqdorida etil spirti mavjudligi aniqlangan.

Prokuror suddagi muzokara nutqida sudlanuvchi ayolni 13 yil-u 4 oy muddatga, sudlanuvchi o‘g‘ilni 17 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilish, tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashni belgilashni so‘radi.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili muzokarada sudlanuvchilarni umrbod qamoq jazosiga hukm qilishni aytdi. Sudlanuvchi erkakning advokati himoyasi ostidagi shaxsning qilgan ishiga to‘liq iqrorligi va 3 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini hisobga olinib, unga yengilroq jazo tayinlanishini so‘radi.

Sudlanuvchi ayol R.J. qilgan ishidan pushaymonligi aytib, suddan kechirishni so‘radi. Sudlanuvchi erkak R.M. qilgan ishidan afsusdaligini bildirib, suddan kechirishni va oqilona qaror qabul qilishni bildirdi.

Sudlanuvchilar aybdor deb topilib, qotil xotin R.J. 13 yilga, o‘g‘il R.M. esa 15 yilga qamaldi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilandi.

 Baxtiyor To‘xtayev, Vaqt.uz muxbiri

Operator: Nizomjon Ahmedov

 

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 2

Barchasi

Mavzuga oid

Toshkentda qotil xotin 13 yilga, o‘g‘il esa 15 yilga qamaldi | Vaqt.uz