Toshkentda yangi pulli magistral yo‘l qurilishi mumkin
Toshkentda transport muammosini yengillashtirish uchun qariyb 100 kilometrlik halqa yo‘li va yangi aeroportga olib boruvchi magistral pulli yo‘llar qurilishi muhokama qilinmoqda.
© businessdailyafrica.comToshkent shahrida yangi pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha yirik infratuzilma loyihalari muhokama qilindi. Bu masala Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi delegatsiya hamda China Railway Construction Corporation rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda ko‘tarildi.
Yirik transport rejalari
Muhokama qilingan asosiy loyihalardan biri — uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan halqa shaklidagi pulli avtomobil yo‘lini qurishdir. Loyiha poytaxtda transport oqimini qayta taqsimlash va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, kelgusi yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishi bo‘yicha shahar markazidan o‘tuvchi yangi magistral pulli yo‘l qurilishi imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Renovatsiya va ekologiya
Uchrashuvda transport sohasidan tashqari shaharni kompleks renovatsiya qilish, infratuzilmani modernizatsiyalash hamda shaharsozlik sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ham muhokama qilindi.
Shavkat Umurzakov kompaniyaga renovatsiya hududlarida ishtirok etish, ekologik talablarga javob beruvchi qurilish ishlarini amalga oshirish hamda qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan poligon tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Muzokaralarda zamonaviy maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni qurish masalalari ham muhokama qilindi.
O‘zbekistondagi ilk pullik avtomagistral — Urganch–Xiva yo‘nalishidagi 35 kilometrli yo‘l qurilishi 24-fevralda rasman boshlangan edi. 120 million dollar qiymatga ega loyiha mamlakat transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Shuningdek, Toshkent–Andijon yo‘nalishida barpo etiladigan pulli avtomobil yo‘li to‘liq masofani 2 soat 14 daqiqada bosib o‘tish imkonini beradi. 314 kilometrlik yangi avtomagistral 150 km/h tezlikda harakatlanish imkonini beradi. Ushbu loyihaning qurilish muddati taxminan 4 yil davom etadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huquqiy maslahatchisi Hasan Umarovning so‘zlariga ko‘ra, pulli yo‘ldan 200 kilometr masofani bosib o‘tish taxminan 100 ming so‘mga tushadi.





