
Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi
Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uyda yog‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyda 14-yanvarga o‘tar kechasi yong‘in yuz berdi. Hodisa tunda sodir bo‘lganiga qaramay, tezkor harakatlar tufayli yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘in uyning yuqori qavatlaridagi xonadonlardan birida chiqqanini, voqea joyiga kamida beshta o‘t o‘chiruvchi ekipaj yetib kelganini ko‘rish mumkin. Videolar aholi orasida xavotir uyg‘otgan bo‘lsa-da, rasmiylar vaziyat nazorat ostiga olinganini bildirdi.
Poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 13-yanvar kuni soat 23:59 da Niyoziy ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan birida yong‘in chiqqanligi haqida xabar kelib tushgan. Shu zahotiyoq yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga safarbar etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchi ekipaj soat 00:04 da voqea joyiga yetib borgan va soat 00:37 da yong‘in to‘liq o‘chirilgan. Qutqaruv ishlari davomida atrofdagi xonadonlarga yong‘in tarqalishining oldi olingan.
Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sabablari hozircha aniqlanmagan bo‘lib, tegishli xizmatlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval ham poytaxtda avtopark hududida avtobus yonib ketgani xabar qilingan edi.





