Logo

Toshkentning modernizm me’morchiligi obyektlari YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Kecha 21:202 daqiqa

Nominatsiyadan Markaziy Osiyo me’morchiligi an’analari va mahalliy iqlim xususiyatlarining o‘ziga xos uyg‘unligini aks ettiruvchi o‘nta muhim obyekt o‘rin olgan.

Toshkentning modernizm me’morchiligi obyektlari YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi © Ijtimoiy tarmoqlar

Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilayotgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining «Toshkent modernistik arxitekturasi. Markaziy Osiyoning zamonaviyligi va an’analari» milliy nominatsiyasi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Bu O‘zbekistonning so‘nggi 25 yil ichida Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan birinchi milliy nominatsiyasi, mamlakatning YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatidagi oltinchi madaniy obyekti, shuningdek, Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida ushbu maqomga ega bo‘lgan XX asr modernistik arxitekturasining ilk obyekti hisoblanadi.

Bu bo‘yicha Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Telegram’dagi sahifasida shunday yozadi:

«Bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir davrning e’tirofidir. O‘sha yillari poytaxtimiz zamonaviy arxitektura, Markaziy Osiyo an’analari va o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini mujassam etgan butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi navbatdagi g‘alabasi – boy me’moriy asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadam xayrli va bardavom bo‘lsin!».

Nominatsiya XX asrning ikkinchi yarmida, asosan 1966-yilgi zilziladan keyin shakllangan Toshkentning arxitektura merosiga bag‘ishlangan. U modernistik arxitektura tamoyillari, Markaziy Osiyo me’morchiligi an’analari va mahalliy iqlim xususiyatlarining o‘ziga xos uyg‘unligini aks ettiruvchi o‘nta muhim obyektni birlashtiradi.

Nominatsiyadan «Jemchug» turarjoy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Xalqlar do‘stligi saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Davlat sirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zali, Alisher Navoiy nomidagi kinoteatr, «Chorsu» bozori, «Kosmonavtlar» metro stansiyasi va Katta quyosh pechi («Quyosh» geliokompleksi) o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva YUNESKO Bosh direktori Holid al-Ananiy bilan uchrashgandi.

Teglar

Mavzuga oid