add

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti 2029 yilda foydalanishga topshiriladi

18.10.2025 | 19:3014283

2029 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yangi Toshkent xalqaro aeroportining qiymati 3,31 mlrd dollarni tashkil etadi. Loyiha Saudiyaning Vision Invest kompaniyasi rahbarligida amalga oshirilmoqda.

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti 2029 yilda foydalanishga topshiriladi
Janubiy Koreyaning The Korea Herald nashrining yozishicha, Toshkent viloyatida barpo etilayotgan yangi xalqaro aeroport 2029 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha umumiy qiymati 3,31 mlrd dollar bo‘lib, davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi yangi aeroportni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha maslahatchilik xizmati ko‘rsatish uchun 24,5 mln dollarlik shartnoma imzolagan. Kompaniya 2027 yil iyulidan boshlab besh yil davomida xavfsizlik, IT-infratuzilma, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va texnik ta’mirlash yo‘nalishlarida kompleks konsalting xizmatlari ko‘rsatadi. Yangi aeroportning yillik yo‘lovchi qabul qilish quvvati 54 mln kishiga yetishi ko‘zda tutilgan. Incheon kompaniyasi transport aloqalari, logistika, tijorat va turizm zonalarini nazarda tutib, aeroport atrofidagi shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham strategiya ishlab chiqadi. 15 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aeroport loyihasi bilan tanishib, uning qurilishiga rasman start berdi va poytaxtning yangi havo darvozasi poydevoriga tamal toshi qo‘ydi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Konsorsium tarkibidagi ulushlar quyidagicha taqsimlanadi:
  • Vision Invest (Saudiya Arabistoni) — 45 foiz;
  • Sojitz Corporation (Yaponiya) — 30 foiz;
  • Incheon International Airport Corporation (Janubiy Koreya) — 15 foiz;
  • Uzbekistan Airports — 10 foiz.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi aeroport faqat aviatsiya emas, balki transport va logistika markaziga aylanib, mamlakatning mintaqaviy tranzit salohiyatini oshiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentning yangi xalqaro aeroporti 2029 yilda foydalanishga topshiriladi | Vaqt.uz