add

Tramp G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga a’zolik uchun 1 mlrd dollar talab qilmoqda — «Bloomberg»

Bugun 11:542 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo bo‘yicha yangi xalqaro tuzilmani moliyaviy shartlar asosida shakllantirmoqchi. U Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni ham ta’sischilikka taklif qilgan.

Tramp G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga a’zolik uchun 1 mlrd dollar talab qilmoqda — «Bloomberg»

«Bloomberg» nashri tanishib chiqqan hujjat loyihasiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro «Tinchlik kengashi»da doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 mlrd dollar miqdorida badal to‘lashni talab qilmoqda. Ushbu mablag‘ni naqd shaklda to‘lagan mamlakatlar uchun a’zolik muddati bo‘yicha cheklov qo‘llanilmasligi qayd etilgan.

Hujjatga muvofiq, Donald Tramp Kengashning birinchi raisi bo‘ladi va a’zolikka kim qabul qilinishi bevosita uning qaroriga bog‘liq bo‘ladi. Har bir a’zo davlat bitta ovozga ega bo‘ladi, qarorlar ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi yakunda rais tomonidan tasdiqlanishi shart. Oddiy tartibda a’zolik muddati uch yildan oshmasligi kerak, ammo 1 mlrd dollardan ortiq badal to‘lagan davlatlar bu talabdan mustasno bo‘ladi.

«Bloomberg»ning qayd etishicha, Kengashning rasmiy maqsadi — mojaro bo‘lgan yoki mojaro xavfi saqlanib qolayotgan hududlarda barqarorlikni ta’minlash, tinchlikka ko‘maklashish va «ishonchli hamda qonuniy» boshqaruvni tiklashdan iborat. Biroq tanqidchilar bu tashabbusni Tramp tomonidan ko‘p yillar davomida tanqid qilib kelingan BMTga muqobil tuzilma yaratish urinishi sifatida baholamoqda.

Tramp G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashini tuzishini 16-yanvar kuni rasman e’lon qildi. Ushbu g‘oya G‘azo uchun taklif etilgan tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Shu kuni Oq uy Kengashning ijroiya qo‘mitasi tarkibini ham ma’lum qildi: unga yetti kishi, jumladan AQSH davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, prezidentning kuyovi Jared Kushner va Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiritilgan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’muriyati ma’lum qilishicha, Tramp Turkiya rahbariga Kengash faoliyatida «ta’sischi a’zo» sifatida ishtirok etish taklifi bilan maktub yo‘llagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa kengash ijroiya qo‘mitasi tarkibi Isroil bilan kelishilmagani va mamlakat siyosiy pozitsiyasiga zid ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid