Tramp neftdan keyin endi Venesuela oltinini ham sotishga ruxsat berdi

08.03.2026 | 12:252 daqiqa

Donald Tramp AQSH Venesueladagi yangi hukumatni rasman tan olganini ma’lum qildi. Mamlakatdagi yangi hukumatga prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges rahbarlik qilmoqda. Tramp ushbu hukumat bilan oltin bo‘yicha «tarixiy» kelishuv tuzilganini ham bildirgan.

Tramp neftdan keyin endi Venesuela oltinini ham sotishga ruxsat berdi

AQSH prezidenti Donald Tramp kecha, 7-mart kuni Floridada Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari sammitida AQSH Venesuelada yangi hukumatni rasman tan olganini ma’lum qildi. Yangi hukumatga mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges rahbarlik qilmoqda.

«Men mamnunmanki, bu haftada AQSH Venesuela hukumatini rasman tan oldi. Shuningdek, biz oltin bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdik. Bu kelishuv mamlakatlarimizga Venesuela oltini va boshqa foydali qazilmalarini sotishda hamkorlik qilish imkonini beradi. Ularda ulkan oltin zaxiralari bor va yerlari juda yaxshi», – dedi Oq uy rahbari.

6-mart kuni Vashington Venesuela oltin ishlab chiqarish sohasiga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. AQSH moliya vazirligi Amerika kompaniyalariga Venesuela oltinini import qilish, qayta ishlash va undan mahsulot ishlab chiqarib sotishga ruxsat berdi.

Vashington va Venesueladagi yangi hukumat

Yil boshida AQSH Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazdi. Mamlakat prezidenti Nikolas Maduro 3-yanvar kuni AQSH maxsus kuchlari tomonidan Karakasda ushlab olindi va AQSHga olib ketildi. Shundan so‘ng davlat rahbarligi vazifasini Delsi Rodriges o‘z zimmasiga oldi, u oldinroq vitse-prezident lavozimini egallagan edi. Rodriges Vashington bosimi ostida siyosiy maxbuslarni ozod qilishni boshladi va Venesuela neft sektorini xorijiy investorlar uchun ochish maqsadida qazilmalar to‘g‘risidagi qonunlarni o‘zgartirdi. 24-fevral kuni Tramp AQSH «yangi do‘sti va hamkori» Venesueladan taxminan 89 million barrel neft olganini e’lon qildi.

27-fevral kuni Rodriges Trampni mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va Venesuela neftini blokdan chiqarishga chaqirdi. Prezident vazifasini bajaruvchi Maduro hukumati ag‘darilganiga qaramay ushbu mamlakatlarni bir-biriga «do‘stona» deb hisoblashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karakas hukumati Vashington bilan «yangi hamkorlik kun tartibini ochish»ga intiladi.

AQSH davlat departamenti 5-mart kuni Venesuela vaqtinchalik hokimiyati bilan diplomatik aloqalarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Marko Rubio rahbarligidagi departament AQSH Venesuela xalqiga tinch yo‘l bilan demokratik ravishda saylangan hukumatga o‘tishini ta’minlaydigan «bosqichma-bosqich jarayon» doirasida yordam berishda davom etadi, deb va’da berdi.

Teglar

Mavzuga oid