add

Turkiyalik mutaxassis «Yangi Toshkent» aeroporti qurilish loyihasining bosh menejeri etib tayinlandi

Bugun 12:092 daqiqa

Berk Albayrak ilgari Yevropada to‘rtinchi yirik aeroport sanalgan Istanbulning Sabiha Go‘kchen aeroportiga rahbarlik qilgan hamda yangi Kuvayt aeroporti qurilishi loyihasini boshqargan tajribali mutaxassis hisoblanadi.

Turkiyalik mutaxassis «Yangi Toshkent» aeroporti qurilish loyihasining bosh menejeri etib tayinlandi

Turkiyalik mutaxassis Berk Albayrak «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti qurilishi loyihasi ofisining bosh menejeri etib tayinlandi. Berk Albayrak ushbu tayinlov haqida o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

Unda u loyiha doirasida barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qilib, aeroport qurilishida yuqori samaradorlikka erishish niyati borligini ta’kidlagan. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, «Yangi Toshkent» aeroporti nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun muhim transport xabiga aylanishi mumkin.

Albayrak aviatsiya infratuzilmasi sohasida katta tajribaga ega. U ilgari Istanbulda joylashgan Sabiha Go‘kchen xalqaro aeroporti bosh direktori lavozimida faoliyat yuritgan. Mazkur aeroport Yevropadagi eng yirik aviatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Kuvaytda qurilayotgan yangi aeroport loyihasida loyiha direktori sifatida ishlagan.

Ma’lumot uchun. Albayrak 1970 yilda Anqara shahrida tug‘ilgan. U Anqaradagi Yaqin Sharq texnik universitetida qurilish muhandisligi yo‘nalishida ta’lim olgan, keyinchalik magistrlik darajasini ham shu yerda qo‘lga kiritgan. Keyinchalik u Turkiya Transport vazirligi huzuridagi DHMI tizimida o‘n yildan ortiq ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, «Yangi Toshkent» xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida 1300 gektar maydonda quriladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilib, unda Saudiya Arabistonining Vision Invest, Yaponiyaning Sojitz kompaniyasi hamda Koreya Respublikasining Incheon International Airport Corporation ishtirok etadi.

Qurilish to‘rt bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lib, unda terminal va aerodrom qurilishi rejalashtirilgan. Aeroport to‘liq ishga tushgach, yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish, soatiga 30 tagacha uchish-qo‘nishni ta’minlash hamda 129 ming tonna yuk qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid