add

Umumiy ovqatlanish sohasining yirik soliq to‘lovchi korxonalari: KFC, Evos, Oqtepa lavash

16.12.2025 | 18:184012 daqiqa

Yilning o‘n oyida umumiy ovqatlanish sohasidagi soliq tushumlarining 19,5 foizi 20 ta yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Umumiy ovqatlanish sohasining yirik soliq to‘lovchi korxonalari: KFC, Evos, Oqtepa lavash

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 20 318 ta yuridik shaxs tomonidan jami 1,4 trln so‘mdan ortiq soliq to‘langan. Bu ko‘rsatkich sohada iqtisodiy faollik va pul aylanmasi barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Shu davrda eng yirik 20 ta soliq to‘lovchi korxona hissasiga 275,1 mlrd so‘m soliq, ya’ni umumiy tushumlarning 19,5 foizi to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 3,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ularga nisbatan qo‘llanilgan soliq imtiyozlari hajmi 39,2 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.

Xususan, «International Foodchain» MCHJ (KFC) 78,7 mlrd so‘m soliq to‘lab, sohada birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin «Mak Food Servis» (Evos) MCHJ 56,3 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Uchinchi yirik soliq to‘lovchi sifatida «Oqtepa-Food-Service» MCHJ (Oqtepa lavash) qayd etildi — ushbu korxona tomonidan 31,9 mlrd so‘m soliq to‘langan. To‘rtinchi o‘rinda «Ketring» MCHJ bo‘lib, uning soliq to‘lovlari 29,5 mlrd so‘mni tashkil etgan. Beshinchi o‘rinni esa «Feedup Eco» MCHJ (Feed up) egallab, 6,7 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida soliq tushumlarining asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. Aniqroq aytganda, QQS bo‘yicha to‘lovlar 115,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu esa sohada tovar va xizmatlar aylanmasi yuqori ekanini anglatadi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 73,4 mlrd so‘mga yetgan. Foyda solig‘i 47,6 mlrd so‘mni, ijtimoiy soliq esa 33 mlrd so‘mni tashkil etgan. Boshqa soliq turlari bo‘yicha to‘lovlar hajmi 5,7 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, soliq tushumlarining salmoqli qismi cheklangan sondagi yirik tarmoq korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa umumiy ovqatlanish bozorida konsentratsiya darajasi yuqoriligini hamda yirik brendlar iqtisodiy faollikda yetakchi o‘rinni egallayotganini ko‘rsatadi.

Vaqt.uz avvalroq mobil operatorlar va boshqa xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan to‘langan soliqlar, tovar aylanmasi va ularga berilgan imtiyozlar miqdori haqida ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid