add

Urugvay AQSH dollariga qarshi urush e’lon qildi

Bugun 11:282 daqiqa

Urugvay hukumati iqtisodiyotda dollar rolini keskin qisqartirish va milliy pesoga ishonchni tiklash uchun qat’iy choralar paketini ishga tushirmoqda.

Urugvay AQSH dollariga qarshi urush e’lon qildi

Lotin Amerikasidagi eng dollarlashgan iqtisodiyotlardan biri sanalgan Urugvay milliy valuta — pesoni qayta tiklash yo‘lida radikal qadamlarga o‘tmoqda. Mamlakat Markaziy banki raisi Gilyermo Tolosa dollarga bo‘lgan ortiqcha bog‘liqlik aholi farovonligiga salbiy ta’sir qilayotganini ta’kidlab, iqtisodiyotni dedollarlashtirish bo‘yicha keng qamrovli dasturni e’lon qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Tolosaning ta’kidlashicha, urugvayliklarning dollarga ishonchi o‘tgan asrdagi inflatsiya va moliyaviy beqarorlik davrlaridan qolgan odat bo‘lib, hozirgi sharoitda bu amaliyot xavfli strategiyaga aylangan. U biznes doiralari bilan uchrashuvda dollarda jamg‘arishni «kazinoda qimor o‘ynashga o‘xshash» deb atadi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, oxirgi 20 yil ichida dollardagi joriy hisobvaraqlar real xarid qobiliyatining qariyb yarmini yo‘qotgan.

Hukumat rejasi «qamchi va shirinkulcha» tamoyiliga asoslanadi. 2026 yildan boshlab dollarda kredit beruvchi banklar uchun kapital talablari oshiriladi. Bu dollarda qarz berishni qimmatlashtirib, moliyaviy muassasalarni milliy valyutaga o‘tishga majbur qiladi. Shu bilan birga, pesoda ochilgan ayrim depozitlar bo‘yicha majburiy zaxira talablari bekor qilinib, milliy valyutada kreditlash rag‘batlantiriladi.

Muhokama qilinayotgan yana bir chora — narxlarni majburiy ravishda pesoda ko‘rsatish. Hozircha Urugvayda ko‘chmas mulk, avtomobillar va qimmat texnika narxlari asosan dollarda belgilanadi. Bu amaliyot aholining dollarga psixologik bog‘liqligini yanada kuchaytirayotgani ta’kidlanmoqda.

Urugvay siyosati qo‘shni Argentina bilan keskin qarama-qarshilikni yuzaga chiqarmoqda. Bu yerda prezident Xaviyer Miley dollarlashuvni ochiq qo‘llab-quvvatlab, hatto pesoni bekor qilish g‘oyasini ham ilgari surmoqda. Urugvay prezidenti Yamandu Orsi esa aksincha, milliy valuta suverenitetini tiklashni strategik maqsad sifatida belgilagan.

Ammo vazifa oson emas. bugungi kunda Urugvayda bank depozitlarining 66 foizi hali ham AQSH dollarida saqlanmoqda. Aholining bunday tanlovi tarixan yuqori inflatsiya bilan bog‘liq. Shu bois hukumatning asosiy sinovi — inflyatsiyani barqaror nazorat qilish. Hozircha natijalar ijobiy: inflatsiya ketma-ket ikki yarim yildan beri 3–6 foizli maqsadli diapazonda ushlab turibdi.

Teglar

Mavzuga oid

Urugvay AQSH dollariga qarshi urush e’lon qildi | Vaqt.uz