Logo

«Uzcard» to‘qqiz oy davomida 1,6 trln so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rdi

Bugun 13:102 daqiqa

Mazkur ko‘rsatkich kompaniyaning 2025-yil yakunlari bo‘yicha olingan jami sof foydasidan 23 foizga yuqori.

«Uzcard» to‘qqiz oy davomida 1,6 trln so‘mdan ortiq sof foyda ko‘rdi © Uzcard

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ (Uzcard) 2026-yilning yanvar–sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, qariyb 1,61 trln so‘m (aniqrog‘i 1 trln 608 mlrd 876 mln so‘m) sof foyda oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 73 foizga ko‘p bo‘lib, kompaniyaning 2025 yildagi umumiy yillik foydasidan (1,3 trln so‘m) ham oshib ketgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning xaridorlar bilan shartnomalari bo‘yicha tushumi 36,5 foizga o‘sib, 2 trillion 85 mlrd so‘mga yetgan. Buning asosiy qismi — 1 trln 895,2 mlrd so‘mi (91 foizi) protsessing bo‘yicha tranzaksion komissiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. No-tranzaksion komissiyalardan esa 187,5 mlrd so‘m daromad olinganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, kompaniyaning xarajatlari ham mutanosib ravishda oshgan. Jumladan, xodimlarga sarflangan mablag‘lar 180,1 mlrd so‘mni, marketing xarajatlari esa 164 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Marketing tarkibida homiylikka 31,4 mlrd so‘m, brendni ilgari surishga esa 15,1 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Protsessing va uskunalarga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 49 foizga oshib, 48,4 mlrd so‘mga yetgan.

Professional xizmatlar va ofis xarajatlariga 75,2 mlrd so‘m sarflangan bo‘lib, shundan 60,4 mlrd so‘mi 2024 yil iyulidan buyon ijro organi vazifasini bajarayotgan «UCMG» MCHJ boshqaruv kompaniyasiga yo‘naltirilgan.

Natijada operatsion foyda 41,5 foizga o‘sib, 1 trln 445,7 mlrd so‘mga yetgani xabar qilindi.

Zaxiralarning qaytarilishi, soliq yuki va dividendlar

Ta’kidlanishicha, sof foydaning operatsion foydadan tezroq o‘sishiga kutilayotgan kredit yo‘qotishlari bo‘yicha zaxiralarning qaytarilishi asosiy sabab bo‘lgan. Yil boshida berilgan qarzlar bo‘yicha 258,8 mlrd so‘m zaxira shakllantirilgan edi.

To‘qqiz oy ichida ushbu qarzlarning 313,5 mlrd so‘mi naqd pul shaklida qaytarilgan. Yana 98,9 mlrd so‘mlik qarz bo‘yicha affillangan tomon — «Btech» MCHJ bilan novatsiya kelishuvi imzolanib, ko‘chmas mulk qurilishini moliyalashtirish hisobidan beriladigan avans bilan almashtirilgan. Agar bu omil chiqarib tashlansa, soliq to‘langunga qadar foydaning o‘sishi 89,2 foiz emas, balki 45,9 foizni tashkil etgan bo‘lar edi.

Shuningdek, hisobot davrida «Uzcard»ning soliq yuki ortgani ochiqlandi. 2026-yil 1-apreldan boshlab kompaniya «IT Park» rezidenti maqomini yo‘qotgan va 0 foizlik imtiyoz o‘rniga 15 foizlik standart stavkada foyda solig‘i to‘lashni boshlagan. Oqibatda joriy foyda solig‘i xarajati 175,2 mlrd so‘mga yetgan (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 3,7 mlrd so‘m edi).

Hisobot yakunida kompaniya aktivlari yil boshiga nisbatan 29,8 foizga oshib, 1 trln 411,4 mlrd so‘mga, xususiy kapitali esa 40,4 foizga oshib, 1 trln 136,2 mlrd so‘mga yetgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, «Uzcard» to‘lov tizimi 2025 yilda 1,3 trln so‘m sof foyda olgan.

Teglar

Mavzuga oid