Xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli bormi?

Bugun 19:552 daqiqa

Nurmat Atabekov holat bo‘yicha izoh berdi.

Xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli bormi? © ssv

Ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida xantavirus infeksiyasi tarqalayotgani haqida xabarlar keng muhokama qilinmoqda.

Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov vaziyatga izoh berdi.

Uning aytishicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda xantavirus bilan bog‘liq epidemiologik holat barqaror bo‘lib, kasallanish holatlari qayd etilmagan.

Virus pandemiya chaqirmaydi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas hamda mutaxassislar fikricha, global pandemiyani yuzaga keltirmaydi.

Ta’kidlanishicha, xantavirusning 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlari insonlarda kasallik chaqirishi mumkin. Infeksiya asosan kemiruvchilar orqali yuqadi.

Virus zararlangan kemiruvchilarning peshobi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan narsalar, chang hamda oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonga o‘tishi mumkin.

Qanday belgilar kuzatiladi?

Ta’kidlanishicha, kasallik tana harorati oshishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish va mushak og‘riqlari bilan kechishi mumkin.

Og‘ir holatlarda esa buyrak yetishmovchiligi, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi bilan bog‘liq asoratlar yuzaga kelishi ehtimoli bor.

Hozircha dunyoda xantavirusga qarshi maxsus vaksina yoki aniq davolash protokoli mavjud emas. Davolash jarayoni asosan simptomlarga qarab olib boriladi.

Profilaktik tavsiyalar

Mutaxassis aholiga shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, yashash va ish joylarini toza saqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz saqlash hamda meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvishni tavsiya qildi.

Shuningdek, omborxona va yopiq xonalarni muntazam shamollatish, kemiruvchilar chiqindilarini supurishdan avval namlab tozalash zarurligi aytildi.

Ma’lum qilinishicha, mamlakatda epidemiologik vaziyatni nazorat qilish maqsadida 53 ta chegara punktida doimiy sanitariya nazorati yo‘lga qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid