add

Xitoyda korrupsioner hokim o‘limga hukm qilindi: uning uyidan 13,5 tonna oltin va 23 tonna naqd pul chiqqan

Bugun 09:152 daqiqa

Xitoyda korrupsiya bo‘yicha yirik ishda sobiq shahar hokimi aybdor deb topilib, uning uyidan topilgan tonna-tonna oltin va naqd pul musodara qilindi.

Xitoyda korrupsioner hokim o‘limga hukm qilindi: uning uyidan 13,5 tonna oltin va 23 tonna naqd pul chiqqan

Xitoyda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida navbatdagi shov-shuvli sud qarori e’lon qilindi. Mamlakat janubida joylashgan Haykou shahrining sobiq hokimi Jan Ji ulkan miqyosdagi poraxo‘rlikda aybdor deb topildi va unga o‘lim jazosi tayinlandi.

Tergov materiallariga ko‘ra, sobiq amaldorning shaxsiy mulkida 13,5 tonna oltin quymalari hamda 23 tonnadan ortiq naqd pul aniqlangan. Naqd mablag‘lar yuan va xorijiy valyutalarda bo‘lib, maxsus yashirin xonalar va yerto‘lalarda saqlangan. Sud ushbu holatni «tizimli ravishda olingan poralarning ochiq dalili» sifatida baholagan.

Bundan tashqari, Jan Jiga tegishli ko‘plab elitali ko‘chmas mulk ob’ektlari, Xitoy ichida va xorijda joylashgan qimmatbaho uy-joylar, shuningdek o‘ndan ortiq premium toifadagi avtomobillar musodara qilingan. Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, musodara qilingan aktivlarning umumiy qiymati 37 mlrd dollar atrofida baholanmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Jan Ji 2009–2019 yillar davomida biznes tuzilmalaridan pora olgan. Evaziga u qurilish loyihalari, yer uchastkalari va davlat shartnomalarini taqdim etgan. Haykou shahrida qurilish va infratuzilma jadal rivojlangan davrda bunday «xizmatlar» uchun talab yuqori bo‘lgan.

Sud uni pora olish, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va davlat mablag‘larini talon-taroj qilish moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi. Hukm 2025 yil oxirida chiqarilgan bo‘lib, u Xitoyning so‘nggi yillardagi eng qat’iy jazolaridan biri hisoblanadi.

Xitoy qonunchiligiga ko‘ra, o‘lim jazosi avtomatik tarzda Oliy xalq sudi tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Yakuniy qaror ana shu bosqichdan so‘ng kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid