
Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni o‘tgan yilga nisbatan 512 ming nafarga oshdi
2025 yilning uchinchi choragi bo‘yicha xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklar soni 1,86 mln nafarni tashkil etgani ma’lum qilindi.

2025 yilning uchinchi choragida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,9 foizga pasayib, 2024 yilga nisbatan 0,8 foiz punktga kamaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
Hisobot davrida O‘zbekiston aholisi soni 37,8 million nafarni tashkil etdi. Ulardan 20,35 million kishi mehnat resurslariga kiradi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foizga yoki 387,3 ming kishiga ko‘p.
Iqtisodiy faol aholi 15,57 million nafar bo‘lib, shularning 14,81 million nafari band aholi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich 4,1 foizga oshgan, ya’ni 579,6 ming kishi yangi ish o‘rniga ega bo‘lgan.
Bandlik tuzilishida ham jiddiy o‘zgarish kuzatildi: rasmiy sektorda ishlayotganlar soni 8,58 million nafarga yetdi va 17 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, norasmiy sektorda mehnat qilayotganlar 26,9 foizga kamaygan. Chet elda mehnat qilayotgan fuqarolar soni esa 1,86 million nafarga yetdi.
2025 yil davomida 4,45 million nafar fuqaro daromadli mehnat bilan ta’minlandi. Ulardan 1,29 millioni qishloq xo‘jaligida, 2,74 millioni xizmat ko‘rsatish sohasida, 172 ming nafari qurilishda, 256 mingga yaqini esa investitsiya loyihalari orqali ish bilan ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hududlarda 47,3 mingga yaqin yangi savdo va servis ob’ektlari ishga tushirilishi natijasida 97,4 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgani haqida xabar berilgandi.





