
XXI asr boshidan buyon turmush darajasi eng tez o‘sgan mamlakatlar e’lon qilindi
25 yil davomida iqtisodiyoti eng tez o‘sgan dastlabki 14 ta o‘rin Osiyo qit’asi mamlakatlariga tegishli.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga tayangan reytinga ko‘ra, Osiyo mamlakatlari va Sharqiy Yevropaning bir qismida turmush darajasi rivojlanib, kishi boshiga to‘g‘ri keladigan real YAIM o‘sishi kuzatilgan.
Reytingning yuqori yigirmatalikning 14 ta o‘rinini Osiyo qit’asi mamlakatlari egallagan.
Xitoy eng yuqori natijani qayd etdi: 2000 yilda kishi boshiga real YAIM taxminan 4050 dollar bo‘lgan, 2025 yilda 25 ming 35 dollarga yetib, 518 foizga oshdi.
Vietnam 266 foiz, Bangladesh 208 foiz o‘sish ko‘rsatib, bu raqobatbardosh sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi va xalqaro savdo tarmoqlariga chuqur integratsiya bilan izohlanadi.
Hindistondagi 235 foizlik o‘sish esa iqtisodiy liberallashuv, demografik kuch va xizmatlar sektori kengayishini aks ettiradi. Osiyoning ushbu to‘rt iqtisodiyoti jahon o‘sish va savdo dinamikasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, XXI asrda global iqtisodiy yuksalishning asosiy harakatlantiruvchisiga aylandi.
Rossiya reytingda 14-o‘rindan joy olgan va kishi boshiga YAIM 109 foizga o‘sgan.
Birlashgan Arab Amirliklarida esa teskari dinamika, ya’ni kishi boshiga real YAIM 2000 yildagi 99 ming dollardan 2025 yilda 72 386 dollargacha tushgan. Mutaxassislar bu pasayishni aholi sonining juda tez o‘sishi — 3,5 milliondan 11,35 milliongacha ortishi bilan bog‘lanmoqda.
Vaqt.uz avvalroq eng ko‘p tabiiy resursga ega davlatlar ro‘yxati e’lon qilgan edi.





