Yangi Jizzax loyihasi, armiyada kibertuzilmalar va «Yoshlar daftari»dagi o‘zgarish — 26-fevral dayjesti

26.02.2026 | 23:134 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yangi Jizzax loyihasi, armiyada kibertuzilmalar va «Yoshlar daftari»dagi o‘zgarish — 26-fevral dayjesti

«Yoshlar daftari»ga kirish tartibi o‘zgartirildi

Hukumatning 78-sonli qarori bilan 2022 yil 7-iyundagi 312-son qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, «Yoshlar daftari» orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Yangi tartibga ko‘ra, «Yoshlar daftari»ga kiritiladigan yoshlar toifasi va ularni rag‘batlantirish mexanizmi aniq belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kam ta’minlangan fuqarolar doimiy yoki vaqtincha yashash joyi bo‘yicha «Yoshlar daftari»ga kiritiladi. Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari hamda har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar yoshlari qamrab olinadi, arizalar esa davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz portali yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali elektron tarzda qabul qilinadi.

Raqamlashayotgan budjet: O‘zbekistonda 29 ming tashkilot yangi tizimga o‘tmoqda

O‘zbekistonda davlat moliyasini boshqarishni raqamlashtirish doirasida budjet tashkilotlarining xarajat buyurtmalarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil 26-dekabrda qabul qilingan PQ-388-son Prezident qaroriga muvofiq, 2026 yil 1-avgustga qadar budjet buyurtmalarini elektron tarzda tayyorlash va yuritish mexanizmlari joriy etiladi. Bu orqali 29 mingdan ortiq budjet tashkilotlarida qog‘oz sarfi qisqartirilib, moliya va buxgalteriya xodimlari ish юкламаси yengillashtiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, budjet buyurtmalarini tuzish, tasdiqlash va taqdim etish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi hamda hujjatlarda nafaqat xarajat moddalari, balki xarid qilinishi rejalashtirilgan tovar va xizmatlar turi hamda hajmi haqida ma’lumotlar ham aks ettiriladi. Bu budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan xaridlar aniqligini oshirish, «Davlat xaridlari» axborot tizimi bilan uyg‘un ishlash hamda xarajatlarni tahlil qilish va audit jarayonlarini samarali tashkil etish imkonini beradi.

O‘zbekiston milliy armiyasida kibertuzilmalar va robotlashgan texnikalar qo‘llaniladi

O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida harbiy qismda bo‘lib, mamlakat mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyatini oshirishga qaratilganini ta’kidladi. Harbiy xizmatchilar uchun o‘quv binolari, yotoqxona, oshxona, ma’naviyat xonalari va sport inshootlari zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangani qayd etildi.

Tashrif chog‘ida davlat rahbari harbiy texnika va qurol-aslahalarni, jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini ko‘zdan kechirdi. Zamonaviy mojarolarda sun’iy intellekt, dron, robot va raketa texnologiyalari keng qo‘llanayotgani inobatga olinib, qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, kibertuzilmalar hamda yangi bo‘linmalarni tashkil etish vazifasi qo‘yilgani aytildi. Shuningdek, Qurolli Kuchlarning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

2025 yilda 189 ta davlat xaridlarida 666 mlrd so‘mlik qonunbuzilish aniqlangan

2025 yil yakunlariga ko‘ra, davlat xaridlari tizimida 666,6 mlrd so‘mlik 189 ta qonunbuzilish holati aniqlangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, qonunbuzilishlar soni 2024 yilga nisbatan 282 taga yoki qariyb 60 foizga kamaygan bo‘lsa-da, ularning umumiy qiymati 167,9 mlrd so‘mga yoki 33,7 foizga oshgan, ya’ni kamroq holatlarda yirik moliyaviy buzilishlar qayd etilgan.

Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 541,8 mlrd so‘mlik qonunbuzilish aniqlangan, bu jami summaning 81,3 foizini tashkil etadi. Shuningdek, 102 ta holat noxolis baholash va raqobatni cheklash, 36 ta holat manfaatlar to‘qnashuvi, 32 ta holat esa affillanganlik bilan bog‘liq ekani ma’lum qilingan.

Yangi Jizzax qurilish loyihalari ma’lum qilindi


Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani tutash hududida 40 gektar maydonda «Yangi Jizzax» turar joy massivi barpo etilishi rejalashtirilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida 50 ta ko‘p qavatli uy qurilib, 1200 ta xonadon foydalanishga topshiriladi, shuningdek 1680 o‘rinli maktab, 200 qatnovli poliklinika va 280 o‘rinli bog‘cha barpo etiladi. Hududda 21 ta davlat idorasi joylashadigan yagona ma’muriy bino, yagona jamoat transporti tizimi va 10 kilometr aylanma yo‘l ham tashkil etiladi.

Shu bilan birga, transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 200 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llari yangilanadi, jumladan D-052 yo‘li rekonstruksiya qilinib, hududiy va mahalliy yo‘llar ta’mirlanadi. Loyihalarni moliyalashtirishga Islom taraqqiyot banki va Jahon banki mablag‘lari jalb etiladi, Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahallada ijtimoiy obyektlar va muhandislik tarmoqlari yangilanadi. Shuningdek, Jizzax shahrida oqova suv tozalash inshooti quvvati oshirilib, «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida yangi kimyoviy oqova suv tozalash inshooti qurilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid