add

Yangi Toshkentda «Ostona» mavzesi va qator yirik loyihalarga start berildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Toshkentda sanoat, bank, logistika va turizm sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan yirik qo‘shma loyihalarni ishga tushirdilar.

Yangi Toshkentda «Ostona» mavzesi va qator yirik loyihalarga start berildi

Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi yakunlaridan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtiruvchi qator yirik loyihalarning ishga tushirilish marosimida ishtirok etdilar. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Marosim doirasida «Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyati boshlandi. Mazkur markaz ikki davlat sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni kengaytirish va eksport imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, Qozog‘istonning «Tenge Bank» moliyaviy muassasasining Toshkentdagi yangi bosh ofisi rasman ochildi. Yangi ofis ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasidagi moliyaviy aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda muhim o‘rin tutadi.

Tadbirda «Silkway Central Asia» ko‘p tarmoqli logistika markazining qurilishi boshlangani ham ma’lum qilindi. Mazkur loyiha mintaqada yuk tashish sohasida integratsiyani kuchaytirish, tranzit salohiyatini oshirish va savdo oqimlarini optimallashtirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, alkilbenzol ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilishi kimyo sanoatida yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantiradi.

Eng yirik tashabbuslardan biri sifatida Yangi Toshkentda «Ostona» mavzesi qurilishi boshlandi. Bu loyiha ikki xalqning do‘stligi va madaniy yaqinligini ifodalovchi me’moriy majmua sifatida ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Toshkent va Ostona shaharlarida odnosim nomli «Toshkent» va «Ostona» mehmonxona majmualarining qurilishi ham yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentlar mazkur loyihalar O‘zbekiston–Qozog‘iston savdo-iqtisodiy hamkorligini mustahkamlab, investitsiya faolligini oshirishiga ishonch bildirdilar. Tadbir ikki davlatning strategik sheriklikni izchil rivojlantirishga qat’iy intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevni ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmati uchun O‘zbekistonning eng yuqori darajadagi «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Yangi Toshkentda «Ostona» mavzesi va qator yirik loyihalarga start berildi | Vaqt.uz