
Mirziyoyev To‘qayevni orden bilan taqdirladi
Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jo‘mart To‘qayevni ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin qo‘shnichilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmati uchun «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jo‘mart Toqayevga mamlakatimizning eng oliy davlat mukofotlaridan biri — «Oliy darajali Do‘stlik» ordenini topshirdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Marosim chog‘ida davlat rahbarlari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va strategik sheriklikning mustahkam poydevorga ega ekanini alohida ta’kidladilar.
Qosim-Jo‘mart To‘qayev ushbu mukofotni katta minnatdorlik bilan qabul qilib, uni nafaqat o‘z shaxsiga, balki butun Qozog‘iston xalqiga nisbatan chuqur hurmat ifodasi sifatida qabul qilishini bildirdi.
U qo‘shma tarix, umumiy qadriyatlar va qardoshlik rishtalari bilan bog‘langan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi mazmun bilan boyib borayotganini qayd etdi.
To‘qayev so‘zlarida Abay va Navoiy merosi, ular targ‘ib etgan do‘stlik va ishonch ruhi bugungi kun hamkorligida muhim o‘rin tutayotgani aytib o‘tildi.
Uning fikricha, ikki mamlakatning strategik hamkorligi va ittifoqchilik munosabatlari doimiy ravishda yangi qadamlar va amaliy natijalar bilan boyib boradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o‘z navbatida Qozog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yutuqlari, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlari Qosim-Jo‘mart To‘qayevning nomi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, adolatli jamiyat barpo etish borasidagi ishlar chuqur e’tiborga loyiq.
O‘zbekiston rahbari mukofot topshirishni Qozog‘iston Prezidentining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlariga berilgan yuksak baho sifatida baholadi. Mirziyoyev Qozog‘istonning taraqqiyoti va xalq farovonligi O‘zbekiston uchun ham qadrli ekanini ta’kidlab, qardosh xalq muvaffaqiyatlariga samimiy quvonishini bildirdi.
Ikki davlat yetakchilari mazkur mukofot ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganining ramzi ekanini ta’kidladilar. Ular hamkorlikni strategik yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga tayyor ekanini qayd etdi.





