Yangi urush xavfi: Moskva xorijda kuch ishlatish doktrinasini rasmiylashtirmoqda
Rossiya Mudofaa vazirligi «potensial nishonlar» ro‘yxatini e’lon qildi. Bu voqea siyosatchilar va harbiy mutaxassislar o‘rtasida bahsga sabab bo‘ldi.

Moskvadan bir kun farqi bilan chiqqan ikkita yangilik bir-biriga umuman bog‘liq emasdek tuyuladi. Biroq 14-aprel kuni Davlat Dumasi birinchi o‘qishda prezidentga fuqarolarni xorijiy jinoiy ta’qiblardan himoya qilish maqsadida Qurolli kuchlardan chet elda foydalanishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini bir ovozdan qabul qildi. 15-aprelda esa Mudofaa vazirligi o‘z talqiniga ko‘ra, Ukraina dronlarini ishlab chiqarishga aloqador bo‘lgan Yevropa korxonalari ro‘yxatini e’lon qildi. Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bu ro‘yxatni «Rossiya Qurolli kuchlari uchun potensial nishonlar ro‘yxati» deb atadi.
Ikkala voqeani birgalikda olib qaraganda, ular tasodifiy deb bo‘lmaydigan strategik siljishni anglatadi: Rossiya o‘z chegaralaridan tashqarida kuch ishlatish uchun huquqiy va ritorik infratuzilmani bosqichma-bosqich qurib bormoqda — va buni ochiqdan-ochiq namoyish qilmoqda.
Mavjud qonunni «rivojlantiruvchi» yangi hujjat
1181659-8-sonli qonun loyihasi hukumat tomonidan Davlat Dumasiga 2026 yil 19-martda kiritilgan. U «Fuqarolik to‘g‘risida»gi Federal qonunning 6-moddasiga va «Mudofaa to‘g‘risida»gi Federal qonunning 10-moddasiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Mazkur o‘zgartirishlarga ko‘ra, Rossiya fuqarolari Moskva vakolatini tan olmaydigan sudlarning qarorlari asosida «hibsga olingan, ushlab turilgan yoki jinoiy yoxud boshqa ta’qiblarga uchragan» hollarda, prezidentga o‘z qarori bilan harbiy tuzilmalarni Rossiya hududidan tashqariga yuborish huquqini berish ko‘zda tutilgan.
Qonun doirasiga ikki turdagi instansiyalar tushadi:
Rossiyaning ishtirokisiz boshqa davlatlar tomonidan vakolat berilgan xorijiy davlatlarning sudlari.
Yurisdiksiyasi Rossiya ishtirok etgan xalqaro shartnomaga yoki BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga asoslanmagan xalqaro sud organlari.
Tushuntirish xatining matni e’tiborga molik: qonun loyihasi amaldagi «Xavfsizlik to‘g‘risida»gi qonunning 8-moddasini «rivojlantirish maqsadida» ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, prezident allaqachon Rossiya manfaatlariga yoki jamoat tartibiga zid keluvchi qarorlar qabul qilingan taqdirda, fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha «choralar ko‘rish» huquqiga ega edi.
Rossiyalik yuristlarning ta’kidlashicha, yangi qonun yuridik jihatdan ko‘p ham yangilik qo‘shmaydi — prezident bunday vakolatlarga avvaldan ega bo‘lgan. Demak, gap mutlaqo boshqa narsa haqida ketmoqda. Asosiy maqsad — shunchaki rejalarni omma e’tiboriga havola etish va ularga qonuniy tus berish. Bu esa, eng avvalo, ichki auditoriya uchun qilinmoqda.
14-aprel kuni qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tdi. Ovoz berish natijasi — 413 ta ovoz «rozi», hech kim qarshi emas, betaraflar ham yo‘q.
Butyagin ishi
Qonun loyihasi ishlab chiqilishiga rasmiy bahona sifatida Davlat Ermitajining Shimoliy Qora dengiz bo‘yi arxeologiyasi sektori mudiri, Kerchdagi Mirmekiy ekspeditsiyasi boshlig‘i Aleksandr Butyaginning ishi xizmat qildi.
U 2025 yil dekabr oyida leksiya o‘qish uchun borgan Varshavada, Ukraina tomonidan berilgan xalqaro orderga asosan hibsga olingan. Butyaginga Qrimda qazishma ishlarini olib borish chog‘ida «madaniy merosni yo‘q qilish» ayblovi qo‘yilgan bo‘lib, Ukraina qonunchiligiga ko‘ra unga besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda.
18-mart kuni Polsha sudi uni ekstraditsiya qilish mumkinligi haqida qaror qabul qildi. Ertasi kuni, 19-martdayoq hukumat yangi qonun loyihasini Dumaga kiritdi.
Davlat Dumasi Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov 26-mart kungi yalpi majlisda bu ikki voqeani bevosita bir-biriga bog‘ladi. «Uni Polshada hibsga olishgan, qamoqxonada saqlashmoqda va shundan so‘ng Ukrainaga topshirishmoqchi. U yerda esa uni hech qanday yaxshilik kutayotgani yo‘q», — dedi deputat.
Shu bilan birga, Kartapolov mazkur qonun qabul qilinishi bilan «darhol bombardimonchi samolyotlar uchishini yoki kreyserlar suzib borishini» anglatmasligini ta’kidlab o‘tdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bunday qonunning mavjudligining o‘zi «miyasida shunday fikrlar aylanib yurganlar uchun jiddiy tiyib turuvchi omil» bo‘ladi. U Rossiya armiyasi «ortiqcha e’tiborni tortmagan holda, lekin kafolatlangan tarzda vazifani bajarish uchun yetarli kuch, vosita va imkoniyatlarga ega» ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Xuddi shu qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev («Rodina» partiyasi) esa yanada ochiqroq gapirdi.
«Agar Rossiya fuqarolari xorijda — xoh Donbassda, xoh Dnestrbo‘yida, xoh dunyoning boshqa istalgan nuqtasida — tahdidlarga duch kelsa, armiyamiz ma’muriy chegaralarga qaramasdan harakat qilish huquqiga ega bo‘lishi kerak», — dedi u.
Asl maqsad nima?
Rossiyalik ekspertlar va mustaqil nashrlar qonun aslida nima uchun kerakligi (e’lon qilingan fuqarolarni himoya qilish maqsadidan tashqari) haqida kamida uchta taxminni ilgari surmoqda:
Tribunal va Xalqaro jinoiy sud (XJS): Yevropa Kengashi 2025 yilning o‘rtalarida Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyati bo‘yicha maxsus tribunal tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi. 2026 yilning yanvarida YI bu ish uchun dastlabki 10 million yevroni ajratdi. Tribunal Nyurnberg jarayoni andozasida tashkil etilib, kamida 20 nafar yuqori martabali Rossiya amaldorini javobgarlikka tortishni maqsad qilgan. 2025 yil oxirida Putin Rossiyada tan olinmagan xalqaro organlarning qarorlarini ijro etishni taqiqlab qo‘ygan edi. Yangi qonun — navbatdagi qadam: u nazariy jihatdan bunday orderlar bo‘yicha hibsga olinganlarni «ozod qilish» imkonini beruvchi kuch ishlatish vositasidir. Qator nashrlar qonun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy obyektlar qatorida XJS tomonidan hibsga olish orderi berilgan Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani ham tilga olmoqda.
«Yashirin flot»: «Kommersant» nashri tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilgan yuristlarning taxminicha, qonun sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «yashirin flot» kemalarini kuzatib borish yoki qo‘riqlashni «qonuniylashtirish» uchun ishlatilishi mumkin. Estoniya bu qonun qabul qilinishidan biroz oldin, ehtimoliy oqibatlaridan xavfsirab, Rossiya tankerlarini ushlab qolish rejalaridan voz kechdi. Bosh vazir Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya maxsus kuchlari bunday kemalarni to‘xtatish va ushlab qolish uchun ruxsat olgan. Biroq Rossiya harbiy kemasi allaqachon sanksiyaga tushgan ikkita tankerni La-Mansh bo‘g‘ozi orqali hech qanday to‘siqlarsiz kuzatib qo‘yishga ulgurdi.
Boltiqbo‘yi ssenariysi: Bir qator G‘arb tahlilchilari, xususan «The Times» nashri manbalari qonundan Boltiqbo‘yi mamlakatlarida — birinchi navbatda, yirik rus diasporasi yashaydigan Estoniyada — harbiy intervensiyani qonuniylashtirish uchun foydalanish ehtimoliga ishora qilmoqda. Bunday pretsedent hammaga yaxshi ma’lum: 2014 yilda Vladimir Putin parlamentdan «rusiyzabon aholini» himoya qilish maqsadida Ukrainaga armiya yuborish uchun ruxsat so‘ragan va uni olgan edi. Xuddi shunday sxema takrorlanmoqda: huquqiy ruxsatnoma muayyan amaliyotdan avval ishlab chiqiladi
Rossiya Mudofaa vazirligi nishoni
Qonun birinchi o‘qishda qabul qilinganining ertasiga, 2026 yil 15-aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining telegram-kanalida Ukraina uchun zarbdor dronlar ishlab chiqarishga aloqador bo‘lgan Yevropadagi kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxat ikki qismga bo‘lingan. Birinchi qismda «Ukraina kompaniyalarining Yevropadagi filiallari» sifatida Buyuk Britaniya, Daniya, Latviya, Germaniya, Niderlandiya, Litva, Polsha va Chexiyadagi 11 ta korxona keltirilgan. Ikkinchi qismda esa «butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonalar» sifatida Chexiya, Isroil, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Germaniyaning 10 ta kompaniyasi qayd etilgan. Shaharlar kesimida London, Myunxen, Riga, Vilnyus, Praga, Madrid va Venetsiya nomlari tilga olingan.
Mudofaa vazirligi ushbu ro‘yxatning e’lon qilinishini «Yevropa jamoatchiligi nafaqat o‘z xavfsizligiga tahdid solayotgan asl sabablarni anglashi, balki «Ukraina» va «qo‘shma» korxonalarning manzillari hamda joylashgan joylarini bilishi kerakligi» bilan izohladi. Vazirlik Yevropaning dronlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasidagi qarorlarini «butun Yevropa qit’asida harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuviga olib keladigan qasddan tashlangan qadam va bu davlatlarning asta-sekin Ukrainaning strategik orqa chizig‘iga aylanib borishi» deb baholadi.
Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev X ijtimoiy tarmog‘ida mazkur ro‘yxatga shunday izoh berdi: «Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunish lozim: dronlar va boshqa texnikalarni ishlab chiqarayotgan Yevropa korxonalari ro‘yxati – bu Rossiya Qurolli Kuchlari uchun potensial nishonlar ro‘yxatidir. Zarbalar qachon voqelikka aylanishi kelgusidagi jarayonlarga bog‘liq. Xotirjam uxlayvering, yevropalik hamkorlar!».
Bunga javoban Chexiya tashqi ishlar vaziri Petr Matsinka ushbu bayonotlarga oydinlik kiritish uchun Rossiyaning Pragadagi elchisini chaqirtirdi. Yevropa komissiyasi rasmiy vakili Anita Xipper esa Yevropa Ittifoqi Rossiyaning bu kabi bayonotlariga, jumladan e’lon qilingan ro‘yxatga munosabat bildirish niyatida emasligini, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda va o‘z mudofaa salohiyatini mustahkamlashda davom etishini ta’kidladi.
«Biz ushbu xabarga biror bir tafsilot qo‘shish niyatida emasmiz. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘z mudofaamizni kengaytiramiz», – dedi Anita Xipper Brusseldagi brifingda.
Yangi me’yor – eski usullar
Siyosiy fanlar nomzodi, Rossiya tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha ekspert Pavel Luzinning fikricha, Rossiya armiyasini xorijda qo‘llash uchun huquqiy bazaning kengaytirilishi va Yevropadagi «ehtimoliy nishonlar» haqidagi bayonotlar Moskvaning allaqachon shakllangan harakatlar strategiyasiga to‘la mos keladi.
«Rossiya ko‘p yillardan beri Yevropa mamlakatlarida qo‘poruvchilik ishlarini olib bormoqda. O‘tkazilgan qo‘poruvchiliklardan so‘ng Rossiya qanday oqibatlarga duch keldi? Deyarli hech qanday. Tilga olingan korxonalarga qarshi qo‘poruvchilik uyushtirishga unga nima xalaqit beradi? Hech narsa. Buning uchun raketalardan foydalanish shart emas», — deb ta’kidladi Luzin «TRT» nashriga bergan izohida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikdagi bu yangilik prinsipial jihatdan yangi mexanizmlarni joriy etmaydi, balki mamlakat tashqarisida kuch ishlatish bo‘yicha mavjud yondashuvlarni mustahkamlaydi.
«Rossiya avval o‘z armiyasini o‘z hududidan tashqarida: Gruziya, Ukraina, Suriya va boshqa mamlakatlarda, Liviya yoki Markaziy Afrika Respublikasida ishlatmaganmidi? Rossiyaning xorijda harbiy bazalari yo‘qmi? Bu galgi qonunchilik tashabbusidan ko‘zlangan maqsad — shunchaki armiyani chet elda qo‘llash uchun navbatdagi «qonuniy» bahona yaratish va kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan javobgarlikdan qochishdir. Shu bilan birga, siyosiy mas’uliyatni qonunni ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etgan barchaning yelkasiga yuklash ham ko‘zda tutilgan», — dedi u.
Ekspertning fikricha, Rossiyadan tashqarida, jumladan, uchinchi mamlakatlarda yuz berishi mumkin bo‘lgan qo‘poruvchilik harakatlarining haqiqiy buyurtmachilarini aniqlash qiyinchiliklar bilan kechadi.





