Yaqinda O‘zbekistonga kelib ketgan aka-uka Teytlar Amerikada hibsga olindi
Ular zo‘rlash, odam savdosi, tan jarohati yetkazish hamda pornografiya materiallarini tarqatish bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanmoqda.
© KollajAQSH Adliya vazirligiga qarashli Marshal xizmatlari 18-iyul kuni Mayami shahrida internet inflyuyenserlari va biznesmenlar aka-uka Endryu va Tristan Teytni qo‘lga oldi. Bu haqda «The Washington Post» xabar berdi.
Ular Buyuk Britaniyaning ekstraditsiya talabi asosida hibsga olingan. Britaniya Qirollik prokuraturasi (CPS) aka-ukalarni zo‘rlash, odam savdosi, tan jarohati yetkazish hamda bolalarga oid nomaqbul tasvirlar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblamoqda.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Endryu va Tristan Teyt 2010-yil iyuldan 2017-yil avgustgacha bir qator jinoyatlarni sodir etgan. 39 yoshli Endryu Teytga qo‘shimcha ravishda 7 ta zo‘rlash, 3 ta jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga yordam berish, 3 ta tan jarohati yetkazish va pornografiya bilan bog‘liq 19 ta jinoyat bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. 38 yoshli Tristan Teytga nisbatan ayblovlar soni kamroq bo‘lsa-da, u ham zo‘rlash va odam savdosida ayblanmoqda.
Ular o‘zi kim?
Aka-uka Teytlar AQSH va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega. Ularga nisbatan avval ham Ruminiyada jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan edi. Teytlar sobiq kikbokschilar bo‘lib, internetda «erkaklik qadriyatlari»ni faol targ‘ib qilishi orqali katta mashhurlikka erishgan. Endryu Teyt o‘zini ayollarga nisbatan salbiy qarashlari bor inson sifatida ham ta’riflagan. U ilgari o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan. Yangi ayblovlar bo‘yicha esa aka-ukalar hozircha rasmiy munosabat bildirmagan.
Endryu Teyt 2026-yilning aprel oyida ukasi bilan O‘zbekistonga kelgandi. Ular bir necha kun davomida Toshkent va Samarqandda bo‘lib, muxlislari bilan ko‘rishgandi. Ular aeroportda, vokzalda tantanali ravishda kutib olingani aks etgan videolar tarqalgandi, bu esa jamoatchilik e’tirozlarini keltirib chiqargandi. Hattoki Endryu Teyt videolaridan birida Samarqanddagi Amir Temur haykali yonida turib, sarkarda «o‘z faoliyatini qaroqchilikdan boshlagani» haqida gapirgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 130 dan ortiq mamlakatdan qariyb 20 ming mehmon qatnashgan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumiga shov-shuvli blogerlar — Endryu va Tristan Teytlar ham borgandi.





