Yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirishga oid qonun Senatga yuborildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirish va ijara huquqidan garov sifatida foydalanishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi.
© vaqt.uzKecha, 14-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yer qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi va Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Янги tartib
Hujjat bilan yer uchastkalarini bozor aktiviga aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yer munosabatlaridagi vakolatlarini aniqlashtirish hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yerlarni berish shartlari belgilanmoqda.
Shuningdek, yer uchastkalarini birlashtirishning huquqiy asoslari yaratilib, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oldini olishga qaratilgan normalar mustahkamlandi. Qonun loyihasida soliqqa tortilmaydigan daromadlarni belgilashda fuqarolarning manfaatlarini hisobga olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni qoplanmasligiga doir qo‘shimcha holatlar kengaytirildi.
Ma’lumot uchun, qonun loyihasi birinchi o‘qishda iyun oyida ko‘rib chiqilgan edi. Unda qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqidan lizing, ipoteka yoki bank kafolatlari olishda garov sifatida kengroq foydalanish, shuningdek, ijaraga olingan yerni ikkilamchi ijaraga (subarenda) berish kabi muhim jihatlar aks etgan.




