Yevropada elektromobillar savdosi «uchmoqda»: Eron urushi tufayli benzin keskin oshdi

Bugun 07:552 daqiqa

Eron urushi sababli Yevropa Ittifoqida benzin narxi 2 yevrodan oshdi. Bu haydalgan elektromobillarga bo‘lgan talabni rekord darajada oshirib yubordi.

Yevropada elektromobillar savdosi «uchmoqda»: Eron urushi tufayli benzin keskin oshdi

2026-yil fevral oxirida boshlangan Eron urushi jahon neft yetkazib berish zanjirining 20 foizi o‘tadigan muhim yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. Bu Yevropa Ittifoqidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxining atigi uch hafta ichida 12 foizga oshishiga va litri uchun o‘rtacha 1,84 yevroga yetishiga olib keldi. Narxlarning 2 yevrolik psixologik chegaradan oshishi iste’molchilarning tanloviga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Fransiyaning «Aramisauto» riteyleri ma’lumotlariga ko‘ra, elektrokarlarning sotuvdagi ulushi qisqa vaqt ichida ikki baravar ko‘payib, 12,7 foizga yetgan.

Shu bilan birga, an’anaviy benzinli avtomobillar ulushi 34 foizdan 28 foizga, dizelli mashinalar esa 10 foizgacha tushib ketdi. «Reuters» nashrining xabar berishicha, bu trend butun qit’ani qamrab olgan.

Masalan, Norvegiyada elektromobillar sotuv hajmi bo‘yicha ilk bor dizelli modellarni ortda qoldirdi. Germaniyada esa «mobile.de» platformasida elektrokarlar bo‘yicha so‘rovlar soni mart oyi boshidan beri uch baravar ko‘payib, jami qidiruvlarning 36 foizini tashkil etdi. Markaziy va Shimoliy Yevropada ham qiziqish yuqori bo‘lib, Polshada elektrokarlarga bo‘lgan e’tibor 39 foizga, Portugaliyada esa 54 foizga oshgan. Shvetsiyaning «Blocket» saytida elektromobillar haqidagi e’lonlarni ko‘rishlar soni 17 foizga ko‘paygani kuzatildi.

Iste’molchilarning bunday ommaviy ravishda «yashil» transportga o‘tishi energiya xavfsizligi va iqtisodiy tejamkorlik omillari bilan izohlanmoqda. Bu esa ikkilamchi bozordagi narxlarning ham mutanosib ravishda ko‘tarilishiga zamin yaratdi.

 

Nega aynan haydalgan elektromobillar?

Ekspertlar iste’molchilarning aynan ikkilamchi bozorni tanlayotganining uchta asosiy sababini keltirishmoqda:

  • Narx: Haydalgan modellar yangilariga qaraganda o‘rtacha 40 foizgacha arzonroq tushadi.

  • Tezkorlik: Yangi elektromobillarni ehtiyot qismlar taqchilligi sababli oylab kutish kerak, ikkinchi qo‘l mashinalarni esa o‘sha kunning o‘zida olib ketish mumkin.

  • Ishonch: Akkumulator batareyasining holati haqida maxsus sertifikatlarning paydo bo‘lishi xaridorlardagi texnik shubhalarni bartaraf etdi.

 

Avtoishlab chiqaruvchilarning marketingi

Avtomobil brendlari yoqilg‘i inqirozidan o‘z reklama kampaniyalarida faol foydalanishga kirishdi. Masalan, Xitoyning «SAIC» kompaniyasiga tegishli bo‘lgan «MG» brendi Fransiyada «Ehtimol, avtomobilni qanday boshqarish haqida qayta o‘ylab ko‘rish vaqti kelgandir?» shiori ostida kampaniya boshladi. Bu orqali kompaniya benzinning qimmatligiga va elektromobillarning afzalligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ishora qilmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, global beqarorlikning oqibatlari uzoq davom etishi mumkinligi sababli, elektromobillarga bo‘lgan bunday kuchli talab faqat kuchayib boradi. Iste’molchilar endi nafaqat ekologiya, balki iqtisodiy omon qolish nuqtayi nazaridan ham elektrokarlarni asosiy muqobil sifatida ko‘rishmoqda.

Teglar

Mavzuga oid