Logo

Yopilgan «Yangi Bank» binosi Enter Engineering’ning «merosxo‘ri»ga o‘tdimi?

Kecha 17:353 daqiqa

Bankning poytaxtda joylashgan bosh ofisi auksionda 111,3 mlrd so‘mga «Kapital loyihalar guruhi» MCHJga sotildi. Bu kompaniya Enter Engineering’ning «merosxo‘ri» bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyaga OKMK hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi egalik qiladi. Yangi eganing o‘zi «Yangi Bank» bosh ofisi manzilida ro‘yxatdan o‘tgan.

Yopilgan «Yangi Bank» binosi Enter Engineering’ning «merosxo‘ri»ga o‘tdimi? © Yangi bank

Yil boshida litsenziyasi olib qo‘yilgan «Yangi Bank»ning bosh ofisi sotildi. Mazkur bino ilk bor 163 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga qo‘yilgandi. Biroq sotuv hadeb amalga oshavermagach, narx 106 mlrd so‘mgacha tushirildi.

9-noyabr kuni o‘tkazilgan auksionda 111,3 mlrd so‘m narx bilan «Kapital loyihalar guruhi»  MCHJ g‘olib bo‘lgan.

Savdoga chiqarilgan obyekt Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda joylashgan.

Eng qizig‘i, binoning yangi egasi «Kapital loyihalar guruhi» MCHJ 2026-yilning 3-aprelida aynan «Yangi Bank» bosh ofisi joylashgan manzilda ro‘yxatdan o‘tgan.

Bu kompaniya kimga tegishli va Enter Engineering’ga qanday aloqasi bor?

«Kapital loyihalar guruhi» MCHJning ta’sischilari teng ulushlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ekani qayd etilgan. Kompaniyaning ustav kapitali 4,27 trln so‘mga teng.

Kompaniya rasmiy saytiga ko‘ra, «Kapital loyihalar guruhi» MCHJ — O‘zbekiston Respublikasida strategik ahamiyatga ega yirik infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etilgan to‘liq siklli EPC-pudratchi. Kompaniya yirik loyihalarni noldan to ishga tushgunga qadar ishlarni bajaradi.

«Kapital loyihalar guruhi» MCHJ tarkibida ma’lum yo‘nalishlar uchun javobgar bir necha kompaniyalar ham bor. E’tiborli jihati, kompaniyaning loyihalash, qurilish hamda saqlash yo‘nalishlarida ishlarni bajaruvchi sifatida ko‘rsatilgan «Uzliti Engineering», «Road Bridge Pavement Construction» MCHJ va «Point Vision» MCHJ kompaniyalarining uchalasi ham Enter Engineering tomonidan ta’sis etilgan.

Mart oyida O‘zbekiston hukumati ish haqi qarzdorligi (taxminan 131 mln dollar), budjet va banklar oldidagi majburiyatlarni qoplash uchun Enter Engineering, Eriell va Saneg aktivlarini sotishi ma’lum qilingandi. Mazkur kompaniyalarning barchasi to‘liq yoki qisman Baxtiyor Fozilov bilan bog‘lanadi.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov o‘z sahifasida shunday yozgan:

«Eriell, Enter va Saneg trillionlab majburiyatlari kimga o‘tkazilmoqda?..

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saneg aktivlari FRRU 100% ta’sischiligida tuzilgan Turon Energy kompaniyasiga, Enter aktivlari «Kapital loyihalar guruhi» MCHJga, Eriell aktivlari esa «Turon Production» MCHJga o‘tkazilgan va o‘tkazilmoqda. Lekin sanalganlarning trillionlab so‘mda va milliardlab dollardagi majburiyatlari-chi? Majburiyatlar o‘zidan o‘zi so‘rilib ketmaydi-ku (Zeromax’ning qaqachlarini haligacha to‘layotganimiz singari). Ular kimning bo‘yniga osilmoqda yoki restrukturizatsiya qilinmoqda (ayniqsa, O‘zbekiston rezidentlari va banklaridan olinganlari)».

«Yangi Bank»ning ham Baxtiyor Fozilov bilan aloqasi borligini taxmin qilish mumkin. Sababi, bank yopilishidan avval unga rahbarlik qilgan Timofey Smirnov «Yangi-Group» MCHJ hamda Baxtiyor Fozilov ta’sischisi bo‘lgan «Sanoat Energetika Guruhi Enera» MCHJning rahbari sifatida ko‘rsatilgan.

Agarda Enter Engineering aktivlari «Kapital loyihalar guruhi» MCHJga o‘tkazilayotgan bo‘lsa, demak, xorij kompaniyasining majburiyatlarini davlatga tegishli kompaniya so‘ndiradi. «Yangi Bank» binosi uchun ham mablag‘ davlat kompaniyasi tomonidan to‘langan deyish mumkin.

«Yangi Bank»ning sotilgan binosidan tushgan pul mablag‘lari majburiyatlar uchun yo‘naltiriladi. Sababi, «Yangi Bank» ikki yildan ko‘proq faoliyati davomida jami 171,5 mlrd so‘m zarar ko‘rgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Yangi Bank»ning «yetim uka»si — «Yangi Finance» kreditlarining uchdan ikkisi qaytmayotgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid